Bojxona: yosh xodimlarga ehtirom ko‘rsatildi
30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi boshlig‘ining yosh xodimlar bilan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida boshqarma rahbari B. Qutlimuratov Prezidentimizning quyidagi: “Biz islohotlarimizning ilk kunlaridan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning orzu va intilishlarini ro‘yobga chiqarishni davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab olganmiz”, – degan so‘zlarini keltirdi.

Uchrashuv davomida yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida Bojxona qo‘mitasining buyrug‘i asosida bir qator xodimlarning farzandlariga respublikaning oliy, oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari bakalavriatining kunduzgi ta’lim shakliga davlat granti asosida ajratilgan alohida ikki foizlik kvotalar hamda belgilangan qabul kvotasidan tashqari davlat granti asosida o‘qishga kirish uchun tavsiyanomalar topshirildi.

Tadbir yakunida boshqarma boshlig‘ining buyrug‘iga asosan bir guruh yosh xodimlarga ofitserlar tarkibining maxsus unvonlari tantanali ravishda topshirildi hamda xizmat vazifalarini sidqidildan bajarayotgan xodimlarga “Minnatdorchilik” e’lon qilindi.

Uchrashuv samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tib, yoshlarni Vatanga sadoqat bilan xizmat qilish, kasbiy mahoratini muntazam oshirib borish hamda yurt ravnaqi yo‘lida faol va tashabbuskor bo‘lishga undovchi muhim muloqot maydoniga aylandi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri