Bojxona xizmati isloh etilmoqda
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 4-5 fevral kunlari Farg‘ona viloyatiga qilgan tashrifi davomida “Farg‘ona-O‘sh” yo‘nalishida, Quvasoy shahridagi “Nosirobod” MFY hududida joylashgan “O‘zbekiston” chegara bojxona postini zamonaviy talablarga mos holda qayta qurish yuzasidan mutasaddilarga topshiriq bergan edi.
Boshlang‘ich qiymati 10 milliard so‘mdan ziyod bo‘lgan mazkur qurilish ob’ektini Farg‘ona shahrida joylashgan “Farg‘ona qurilish ko‘rki” mas’uliyati cheklangan jamiyati tenderda yutib oldi.
Hozirga qadar MCHJ tomonidan ob’ektda beton quyish ishlari yakuniga yetkazildi. Bundan tashqari kirish-chiqish moduli, yagona oyna va 2 qavatli ma’muriy binolarda ichki pardozlash ishlari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, plita temir beton va tomyoplamalarida montaj ishlari yakunlanib, yong‘in hovuzi va oqava suv chuqurlari barpo etildi. Qurilish ob’ektining obodonlashtirish qismida “vertikal rejalashtirish” ishlari bajarilayotir.
Mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini yanada liberallashtirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish, milliy mahsulotlarimizning eksport salohiyatini oshirish, mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorga chiqarish va tadbirkorlarga qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish borasida muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu borada yuqorida tilga olganimiz – Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasining Qirg‘iziston Respublikasi, Qizilqiya shahri bilan tutash hududda “O‘zbekiston” chegara bojxona posti shaxsiy tarkibi o‘z xizmat vazifalarini qonunda belgilangan tartibda, namunali olib bormoqda.
Mazkur postga kirib kelgan har bir yukli va bo‘sh avtotransport vositasi, valyutalar va valyuta boyliklarining olib kirilishi, olib chiqilishi yoki olib o‘tilishi hamda post orqali harakatlanayotgan har bir fuqaro bojxona nazoratidan o‘tkaziladi. Shuningdek, eksportga yo‘naltirilgan avtotransport vositalari post orqali navbatsiz ravishda qabul qilinib, qisqa vaqt ichida bojxona rasmiylashtiruvi amalga oshiriladi.
Post shaxsiy tarkibi ichki bozorlarimizni arzon va sifatli qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan boyitishga katta hissa qo‘shib kelmoqda. Xususan, ayni kunlarda post orqali Qirg‘iziston Respublikasidan mamlakatimizga bir kunda o‘rtacha 250-300 tonna atrofida kartoshka mahsuloti olib kirilayotgani fikrimiz isbotidir. Ushbu mahsulot bojxona posti xodimlari tomonidan tezkorlik bilan rasmiylashtirilib, Quvasoy shahri hamda viloyatning boshqa tuman va shaharlaridagi bozorlar orqali aholiga arzon narxlarda yetkazib berilmoqda.
– Postga tovar-transport vositalari kirib kelgandan so‘ng manzil-nazorat postiga nazoratga qo‘yiladi va u yerda belgilangan tartibda bojxona to‘lovlari amalga oshiriladi, - deydi “O‘zbekiston” chegara bojxona posti boshlig‘i, bojxona xizmati kapitani Sardor Amirbekov. – Bundan tashqari vazifamizga O‘zbekiston Respublikasidan eksportga yo‘naltirilgan tovar va transport vositalari, tovar-moddiy boyliklarni tez fursatlarda rasmiylashtirish hamda fuqarolarning bojxona ko‘rigini amalga oshirish ham kiradi. Bu ishlarda Sherzod Rozaliyev, Sohibjon Niyozov, Mavsum Rasulov va Jamoldin Hakimov kabi bilimli va tajribali xodimlarimiz o‘zlariga topshirilgan vazifani sidqidildan bajarishib, hamkasblariga o‘rnak bo‘lmoqda.
[gallery-4515]
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA