Bojxona tizimida yangi islohotlar boshlanmoqda
Qisqa qilib aytganda, ushbu mexanizm import tovarlarini toʻliq nazorat qilish imkoniyatini yaratib, noqonuniy tovarlar importiga chek qoʻyish orqali sogʻlom raqobat muhiti yaratilishiga xizmat qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 5-iyundagi “Bojxona maʼmurchiligini isloh etish va Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish toʻgʻrisida”gi farmoni hamda u bilan tasdiqlangan Konsepsiya bilan tovarlarni bojxona nazorati va bojxona rasmiylashtiruvi jarayoni soddalashtirilishi, tadbirkorlik subyektlari tomonidan vaqt va mablagʻ sarfi qisqarishiga erishiladi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Xususan, 2020-yil 1-avgustdan temir-yoʻl transporti tashkilotlari bojxona organlariga oʻzlarining axborot tizimlarini bojxona organlarining axborot tizimlariga integratsiyalash orqali bojxona nazorati ostidagi vagon va konteynerlarning mamlakat ichidagi harakatlari haqidagi maʼlumotlarni real vaqt rejimida begʻaraz tarzda taqdim etishi belgilandi.
Oʻz oʻrnida, bu mexanizm tadbirkorga nima beradi, degan savol tugʻiladi. Qisqa qilib aytganda, ushbu mexanizm import tovarlarini toʻliq nazorat qilish imkoniyatini yaratib, noqonuniy tovarlar importiga chek qoʻyish orqali sogʻlom raqobat muhiti yaratilishiga xizmat qiladi.
Joriy yilning 1-sentyabridan tovarlarni ishlab chiqaruvchi va yuboruvchilarning identifikatsiya vositalarini tan olish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi. 1-noyabrdan bojxona nazoratining muqobil turlarini (kafolat, garov va boshqalar) qoʻllashni kengaytirish orqali tovarlarni bojxona hamrohligida kuzatib borish qisqartiriladi. Bunda, tabiiyki, vaqt va mablagʻ tejalishiga erishiladi.
Misol uchun, 2019-yil davomida 5 mingdan ortiq (1,7 milliard) avtotransport vositasi kuzatuvga olinib, yigʻim undirilgan boʻlsa, farmon talabidan kelib chiqib, bu koʻrsatkichlar mos ravishda 50 foizga qisqaradi. Transport vositalarini vaqtinchalik olib kirishda tashuvchiga real vaqt rejimida elektron shaklda vaqtinchalik olib kirish muddati tugashidan oldin vaqtinchalik olib kirish muddatini uzaytirish va tegishli yigʻimni toʻlashni amalga oshirish imkoniyati taqdim etiladi.
Amalda ushbu mexanizm qanday boʻlgan? Deylik, vaqtinchalik olib kirilgan avtotransport vositasiga qoʻyilgan muddat tugadi. Tashuvchi belgilangan muddatni uzaytirish uchun muddat tugashidan oldin bojxona organiga bevosita borgan holda murojaat qilib, tegishli toʻlovlarni toʻlashi va muddatini uzaytirishi lozim boʻlgan. Mazkur yangi mexanizm joriy etiladigan boʻlsa, istalgan vaqtda va joyda ushbu protseduralarni masofadan amalga oshirishi mumkin boʻladi.
Statistika shuni koʻrsatmoqdaki, 2019-yilning oʻtgan davrida vaqtinchalik olib kirilgan transport vositasi muddatini uzaytirishga 1,5 mingdan ortiq marotaba murojaat boʻlgan.
Farmon bilan tovar va transport vositalarining dastlabki deklaratsiyalash tartibi takomillashtiriladi. Buning natijasida, tadbirkorlik subyektlari chetdan olib keladigan tovarlarini bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi uchun ortiqcha vaqt sarflashiga hojat qolmaydi. Ular barcha operatsiyalarni tovarlar amalda respublika hududiga yetib kelgunga qadar amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.
Shu bilan birga, bojxona koʻrigi dalolatnomasini mobil ilova orqali rasmiylashtirishni amalga oshirish tizimi joriy etiladi. Yukni yetkazib berish nazorat kitobchasini tranzit bojxona yuk deklaratsiyasi bilan almashtirish amaliyoti hamda “Ye-TRANZIT” avtomatlashtirilgan axborot tizimi joriy etiladi.
Farmon bilan belgilangan topshiriqlar ijrosini taʼminlash orqali birinchi navbatda, asosiy chegara oʻtkazish punktlarini kengaytirish va modernizatsiyalash orqali bojxona postlarining oʻtkazuvchanlik imkoniyatini 3 barobarga oshirishga erishiladi. Bu chegara bojxona postlari orqali bugungi kunda bir kunda oʻrtacha 100-150 ta avtotransport vositasi harakatlansa, ushbu koʻrsatkich 300-450 tagacha oshishiga zamin yaratadi.
Raqamli texnologiyalar va axborot tizimlarini bojxona organlari faoliyatiga keng joriy etish asosida inson omilisiz maʼlumotlarni toʻsiqsiz olish hamda bojxona rasmiylashtiruvi va nazorati jarayonlarini xalqaro norma va standartlarga muvofiq soddalashtirish mumkin boʻladi.
Yangi boshqarmaning vazifasi qanday?
Farmonga asosan Tashqi iqtisodiy faoliyatda notarif tartibga solishni nazorat qilish va bojxona ekspertizasi boshqarmasi tashkil etildi. Tashqi iqtisodiy faoliyatda ruxsatnoma hujjatlar olinishi lozim boʻlgan tovarlar hamda litsenziyalanadigan va kvotalanadigan tovarlarga nisbatan notarif boshqarish choralari qoʻllash faoliyatini muvofiqlashtirish va ular uchun dasturiy taʼminotlar ishlab chiqish asosiy vazifalardan etib belgilandi.
Shuningdek, sertifikatlashtirish organlari oʻrtasida samarali hamkorlikni taʼminlash, import-eksport qilinadigan tovarlar uchun taqdim etiladigan ruxsatnoma hujjatlarini olishda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolarni bartaraf etish, bu boʻyicha takliflar ishlab chiqish, mazkur yoʻnalishda tadbirkorlik subyektlariga amaliy yordam berish nazarda tutilgan.
Endilikda davlat chegara oʻtkazish punktlarida sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya organlari faoliyatini muvofiqlashtirish ishlari mazkur yangi tashkil etilgan boshqarma tomonidan nazorat qilinadi.
“Yagona darcha” bojxona axborot tizimini qoʻllash, uni yana-da takomillashtirish va bundan foydalanish boʻyicha yangi uslubiyatlarini ishlab chiqish vazifalarini ham bajaradi.
Shu bilan birga, bojxona organlari tomonidan kontrafakt tovarlari kirib kelishining oldini olish maqsadida intellektual mulk obyektlari, tovar belgilarining bojxona reyestrini yuritish, tovarlarni TIF TN boʻyicha kodlarini toʻgʻri tasniflash ishlarini tashkil etish va tadbirkorlik subyektlariga tovarlarni TIF TN boʻyicha kod raqamlarini belgilash boʻyicha xizmat koʻrsatish vazifalarini ham amalga oshiradi.
Bojxona rasmiylashtiruvi 3 kundan 1 kunga qisqartiriladi
Maʼlumki, bojxona organlari amaliyotiga “Xavfni boshqarish” tizimi joriy etildi. Natijada bugungi kunda tovarlar “Yashil”, “Sariq” va “Qizil” yoʻlaklarda rasmiylashtirilib, bojxona chegarasi orqali harakatlanayotgan tovarlarning 62,5 foizi, jumladan, eksportda 86 foizi va importda 56 foizi soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirilishiga erishildi.
Shu bilan birga, tovarlarni rasmiylashtirishga sarflangan vaqt eksportda 2,7-martaga, importda esa 2,2-martaga qisqartirilib, tovarlarni bojxona koʻrigidan oʻtkazish 1,7-martaga kamaydi va Davlat byudjetiga 127 milliarddan ortiq qoʻshimcha bojxona toʻlovlari undirildi.
Endilikda, ushbu qaror bilan bojxona rasmiylashtiruvi vaqtini 3 kundan 1 kunga tushirish belgilandi. Chunki, bunga sabab bugungi kunda “Yashil” yoʻlakda tovarlar bir necha soat ichida rasmiylashtirilmoqda.
Xalqaro hamkorlikda qanday rejalar bor?
Farmon bilan bojxona tartiblarini yana-da soddalashtirish va ularni birxillashtirish yoʻnalishida respublikamizning Kioto konvensiyasiga (Jahon bojxona tashkiloti-JBT) qoʻshilishi belgilandi.
Bu milliy bojxona qonunchiligimizni va bojxona organlarimiz faoliyatini xalqaro darajada eʼtirof etilgan standartlarga muvofiqlashtirishni belgilaydi, natijada bojxona organlari faoliyatining yana-da ochiqligi va shaffofligi taʼminlanadi. JBT va Shveysariya Federal Kengashining respublika tashqi savdo faoliyatini soddalashtirish va bojxona faoliyatini takomillashtirish boʻyicha 3 yillik qoʻshma dasturi ishga tushadi.
Oʻzbekistonning asosiy tashqi savdo sheriklari boʻlgan davlatlarda bojxona organlarining vakolatxonalarini tashkil qilish vazifasi yuklatilgan. Mazkur vakolatxonalar milliy mahsulotlarni eksport qiluvchilarning manfaatlarini himoya qilish, ular tomonidan ishlab chiqarilgan tovarlarni mazkur davlatlar hududiga toʻsiqsiz kirib borishini taʼminlashda koʻmak berish maqsadida tashkil qilinadi.
Kelgusidagi ustuvor vazifalarimizdan yana biri, Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkiloti va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi singari xalqaro tashkilotlar bilan integratsiyalashuvida oʻz yoʻnalishida tegishli tadbirlarni amalga oshirish hisoblanadi. Hozirda mazkur yoʻnalishda JSTning Savdo protsedarlarini soddalashtirish toʻgʻrisidagi Bitimi va YEOIIning yagona bojxona zonasi faoliyati bilan bogʻliq normativ-huquqiy hujjatlar tahlil qilinmoqda.