Bojxona tizimida xalqaro hamkorlik
Toshkent shahrida Jahon bojxona tashkiloti va Shveysariya iqtisodiy hamkorlik tashkiloti tomonidan Bojxona qo‘mitasi bilan hamkorlikda Savdoni qo‘llab-quvvatlash Global dasturi doirasidagi navbatdagi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston mazkur dasturga a’zo 15 benefitsiar mamlakatlar qatoriga kiradi. Dasturdan ko‘zlangan maqsad xalqaro standartlar va xorijiy ilg‘or tajribalarni qo‘llash orqali bojxona organlarining xalqaro savdoni soddalashtirish va rivojlantirishdagi hissasini oshirishga qaratilgan.

Ta’kidlash joizki, Savdoni qo‘llab-quvvatlash Global dasturi va Bojxona qo‘mitasi hamkorligida qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2023 yilning avgust va sentyabr oylarida Bojxona qo‘mitasi vakillari Maldiv va Malayziyada bo‘lib, bojxona auditi, bojxonada "yagona darcha" tamoyillari yo‘nalishida xalqaro tajriba bilan yaqindan tanishdi.

Yig‘ilishda bojxona organlari uchun kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish, tizimda gender tenglikni ta’minlash kabi yo‘nalishlarda ham xalqaro hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA