Bojxona tizimi: natija va o‘zgarishlar
Bojxona organlarining faoliyat ko‘rsatishi O‘zbekiston o‘z mustakilligini qo‘lga kiritgan dastlabki yillardan boshlangan. 1991 yilning sentyabrida Ichki ishlar vazirligi huzurida «O‘zbekiston Respublikasi hududidan tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy olib chiqib ketilishining oldini olish bo‘yicha Incpeksiya» tashkil etildi va keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni (25.10.1991. PF-284-son) bilan ilk bor Bojxona qo‘mitasi tashkil etilgan edi.
O‘tgan yillar davomida, bojxona xizmati faoliyatiga doir huquqiy-me’yoriy hujjatlarni takomillashtirish, tadbirkorlarga qulayliklar yaratish va bojxona rasmiylashtiruvi tartib-tamoyillarini jahon andozalariga moslashtirish maqsadida, tizimli islohatlar olib borildi. Jumladan, Prezidentning «O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi farmoni (12.04.2018. PF-5414-son) qabul qilindi.
Mazkur farmon tom ma’noda bojxona tizimida tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi, deb atasak bo‘ladi. Sababi, bojxona ishi tarixida birinchi marta, 26 yanvar - O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati xodimlarining kasb bayrami kuni deb, e’tirof etildi.
O‘tgan davrlarda xizmatni o‘tash vaqtida, mard o‘g‘lonlarimiz jonlaridan kechib, muqaddas vatanni himoya qildilar. Bojxona chegaralarini, umuman, mamlakatimiz sarhadlarini himoya qilish ham sharafli, ham xatarlidir. Mamlakatimiz istiqlolni qo‘lga kiritgan dastlabki yillarida qo‘shni davlatlardagi murakkab vaziyatlar tufayli davlat chegarasini himoya qilish, bojxona nazoratini kuchaytirish, giyohvandlik moddalar, qurol-yarog‘, o‘q-dorilar kontrabandasiga qarshi kurash olib borish dolzarb vazifalardan biri edi. Huquqbuzarlar respublikadan yonilg‘i-moylash materiallari, rangli metallar, paxta va boshqa tovar-moddiy boyliklarni kontrabanda yo‘li bilan olib chiqib ketishga uringan edilar. Ashaddiy jinoyatchilar bilan tengsiz kurashda bojxona xizmatining fidoiy xodimlari mardlarcha halok bo‘ldilar. Bular, Saidakbar Najimov, Ravshan Qodirov, Burxon Qo‘chqorov, Botir Davlatov, Qo‘ldoshboy Ro‘zibayev, To‘xtamish Xolliyev, Saydaxmad Tashxodjayev, Alisher Haqqulov, Oybek Qomatov, Amangeldi Kdirov, Shuxrat Inoyatovlar ana shunday fidoiy bojxona xodimlari edilar. Shuningdek, Erkin Jo‘rayev, To‘lqin Usmanov, Muzaffar Yusupov, Natasha Badalova, Abdumajid Uvatov, Rahmonqul Mirzayev, Abdulazaz Namozov, Akbarjon Jo‘rayev, Rustam Abduqaimov, Akromjon Nishanov, Shadmankulova Dilrabo kabi hamkasblarimiz bevaqt hayot bilan vidolashdilar. Yangi O‘zbekistonning bojxona organlari safida sharaf bilan xizmat qilib, mamlakatimiz sarhadlari daxlsizligi va iqtisodiy xavfsizligini himoya qilishi, o‘z xizmat vazifalarini o‘tash paytida hayotdan ko‘z yumgan bojxona xodimlarining yorqin xotirasiga hurmat bajo keltirish va nomlarini abadiylashtirish maqsadida, 2014 yilda marhum hamkasblarimizga bag‘ishlab Davlat bojxona qo‘mitasi hududida yodgorlik o‘rnatildi.
“Tovarlarni elektron deklaratsiya qilish” interaktiv xizmati orqali tovar va transport vositalariga oid hujjatlar hamda hisobotlarni bojxona organlariga masofadan turib elektron taqdim etish va rasmiylashtirish imkoniyati yo‘lga qo‘yilgan. “Elektron deklaratsiyalash” axborot tizimi orqali tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari tovarlarni elektron deklaratsiyalashni amalga oshirishmoqda. Elektron shaklda hujatlarni taqdim etish natijasida har yili tadbirkorlar tomonidan 60 tn qog‘oz iqtisod qilingan. Eng muhimi esa tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi va nazorati uchun sarflangan vaqt qarayib, 5 martaga qisqargan.
Shuningdek, birinchidan, iqtisodiy o‘sish uchun muqobil shart-sharoitlarni yaratish, xususan xalqaro savdoni rivojlanishiga qulay shart –sharoitlar yaratildi.
Ikkinchidan, davlat chegara hududlarida bojxona nazorati takomillashtirildi. Har bir Mustaqil davlatlarning iqtisodiyoti bevosita tarixiy davlat chegaralarini daxlsizligi va xavfsizligini ta’minlanishiga bog‘liq. Xalqaro savdoni nechog‘lik rivojlantirish, aynan qo‘shni mamlakatlarning manfaatlariga mos ravishda chegara hududlar bilan o‘zaro manfaatli shartnomalar imzolandi.
Uchinchidan, mamlakat fuqoralarining xavfsizligini ta’minlash eng muhim strategik vazifalardan biri hisoblanadi. Axoli sog‘lig‘ini, inson manfaatlarini xalqaro darajada muxofaza qilish, sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmonlar va boshqa kontrafakt tovarlardan ximoya qilishning zarur choralari ko‘rildi.
To‘rtinchidan, chegara o‘tkazish punktlarida, davlat chegara xizmatlari bilan “Yagona darcha” tamoyili asosida integratsiyalashuvi va muvofiqlashtirilishini ta’minlovchi yagona elektron tizim joriy etildi shuningdek sertifikatlash tizimi to‘liq elektron shaklga o‘tkazilib, davlat bojxona xizmati organlari tomonidan muvofiqlashtirildi.
Beshinchidan, xavfni boshqarish avtomatlashtirilgan tizimi amaliyotga joriy etilib, tovar va transport vositalari uchun ham bojxona nazoratida maxsus yo‘laklar joriy etildi. Jumladan, 2018 yil 1 dekabrdan boshlab “sariq” va “qizil” yo‘laklar ishga tushirilgan bo‘lsa, 2019 yil 1 martdan boshlab “yashil” va “ko‘k” yo‘laklar joriy etildi. Ushbu tizimni to‘laqonli amalga kiritish orqali “yalpi” bojxona nazoratini o‘tkazishdan voz kechgan holda, xavf profillari yoki tasodifiy tanlovlar asosida tovar va transport vositalarining bojxona nazorati amalga oshirilmoqda.
Bojxona organlari tomonidan fiskal vazifalarni amalga oshirishning samarali usullari ishlab chiqildi; Bojxona auditi va xavfni boshqarish tizimlarini amaliyotga joriy etish mexanizmlari yaratildi; Bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida tovarlarga tegishli hujjatlarni taqdim etishning soddalashtirilgan usullari ishlab chiqildi; Bir tovarni ikki marta sertifikat talab etishdan voz kechib, mazkur sertifikatlarni umume’tirof etilishiga erishildi; Bojxona rasmiylashtiruviga taqdim etiladigan hujjatlar optimallashtirildi va soddalashtirildi; TIF ishtirokchilari, Bojxona yuk deklaratsiyasining maqomi hamda uning qaysi yo‘lakka joylashtirilganligi to‘g‘risida real vaqt rejimida ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bojxona amaliyotida xavfni boshqarish tizimini qo‘llashning samarali usullari yaratildi va xavf profillari doimiy takomillashtirib borilmoqda, natijada bojxona rasmiylashtiruviga sarf bo‘ladigan muddat 50 % ga qisqartirildi.
Qurbonqul KARIMQULOV,
Bojxona instituti kafedra
boshlig‘i, texnika fanlari doktori, professor