Bojxona kinologiyasi: Yoshlar uchun ochiq muloqot va amaliy tajriba
Bojxona qo‘mitasining Milliy kinologiya markazida M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filiali talabalari uchun “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etildi. Mazkur tashabbus yoshlarni kinologiya sohasining o‘ziga xos jihatlari, uning davlat xavfsizligini ta’minlashdagi ahamiyati bilan yaqindan tanishtirishga qaratildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar markazning ko‘p yillik faoliyati, xizmat itlarini saralash va tayyorlashning zamonaviy usullari, shuningdek, ularning kontrabandaga qarshi kurashdagi beqiyos o‘rni haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldi. Mutaxassislar tomonidan kinologiya nafaqat amaliy, balki ilmiy yondashuvni talab etuvchi murakkab sohalardan biri ekani alohida ta’kidlandi.

Ekskursiya chog‘ida talabalar xizmat itlarini saqlash va parvarish qilish uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar, markaz infratuzilmasi, maxsus mashq maydonlari hamda to‘siqlardan o‘tish orqali ko‘nikmalarni shakllantirish jarayonlari bilan tanishdi. Shu bilan birga, xizmat itlarining sog‘lig‘ini nazorat qilish, diagnostika va davolash jarayonlari ham amalda ko‘rsatib berildi.

Tadbirning eng qiziqarli qismida malakali kinologlar o‘z tarbiyalanuvchilari bilan amaliy chiqishlar namoyish etdi. Xizmat itlarining tezkorligi, sezgirligi va buyruqlarni aniq bajarishi talabalarda iliq taassurot qoldirdi.
Yakuniy qismda yoshlar soha mutaxassislari bilan ochiq muloqot o‘tkazib, kinologiyaning ilmiy asoslari, xizmat itlari psixologiyasi hamda sohada qo‘llanilayotgan innovatsion yondashuvlar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.

Bu kabi tadbirlar davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash bilan birga, yosh avlodda bojxona xizmatiga nisbatan qiziqish va hurmatni kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA