Bojxona: eksport hajmi ortmoqda
Yurtimizda ishlab chiqarilgan va yetishtirilgan mahsulotlar eksporti evaziga davlatimiz byudjetiga valyuta tushumini taʼminlash bugun yana-da dolzarb ahamiyatga ega.
Yurtimizda ishlab chiqarilgan va yetishtirilgan mahsulotlar eksporti evaziga davlatimiz byudjetiga valyuta tushumini taʼminlash bugun yana-da dolzarb ahamiyatga ega.
Bojxona xodimlari esa bu borada tadbirkorlik subyektlariga har tomonlama amaliy yordam koʻrsatib, mamlakatimiz tashqi savdo aylanmasini tashkil etuvchi eksport va import tovarlarining tez fursatlarda hech qanday toʻsiqlarsiz bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazilishida tayanch boʻlmoqda.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Bojxona boshqarmasi axborot xizmatining maʼlum qilishicha, birgina “Toʻrtkoʻl” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti orqali joriy yilning yanvar-aprel oylari mobaynida 3 million 169 ming AQSH dollari qiymatidagi 2124 tonna tovarning eksporti amalga oshirilgan. Mazkur post orqali 73 ta tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchisiga yaqindan koʻmak berilgan.
Xususan, oʻtgan davr oraligʻida eksportga chiqarilgan jami 1 million 686 ming AQSH dollari qiymatidagi 800 tonnadan ortiq ip-kalava mahsulotining 45 foizi MCHJ shaklidagi “BERUNIY TEXTILE INVEST”, 25 foizi “BOʻSTON CLUSTER” LLC, 20 foizi “BOSTON MEGA TEXTILE” korxonalari hissasiga toʻgʻri keladi. Shuningdek, kunjut yirik miqdorda eksport qilinayotgan mahsulotlardan hisoblanib yil boshidan 1 million 140 ming AQSH dollari qiymatidagi 618 tonna mahsulot jami 4 ta tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisi tomonidan tashqi bozorga olib chiqilgan.
Yurtimizda yetishtirilgan qishloq xoʻjalik mahsulotlari, meva-sabzavotlarning ichki bozorlardan ortgan qismini dunyo bozorlariga eksport qilish borasida ham “Toʻrtkoʻl” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti salmoqli oʻringa ega. Joriy yilning oʻtgan davr oraligʻida mazkur bojxona posti orqali 75 ming 340 AQSH dollarlik 198 tonnadan ziyod qishloq xoʻjalik mahsuloti eksport bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan.
Toʻrtkoʻl tumanidagi shisha idishlari eksporti bilan shugʻullanuvchi “TOʻRTKOʻL SHISHA IDISHLARI” masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyatini yaqinda boshlagan boʻlishiga qaramasdan, qariyb 76 ming AQSH dollari miqdoridagi 288 tonna mahsulot eksport qilgan. Bugungi kunda korxona yaqin kelajakda yangi tashqi bozorlarga kirib borishi boʻyicha shartnomalarga ega boʻlib, hozirda shisha ishlab chiqarish hajmini yana-da koʻpaytirib, aholi bandligi boʻyicha keng koʻlamli ishlarni amalga oshirmoqda.
Bu roʻyxatni yana uzoq davom ettirish mumkin. Barchasidan maqsad aniq: bugungi sinovli kunlarga qaramasdan, mamlakatimizda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga yaratilgan imkoniyat va ochilgan yoʻllardan samarali foydalanib, davlatimizning eksport salohiyatini yana-da oshirish yoʻlida shijoat bilan mehnat qilish hamda iqtisodiyotimiz xavfsizligini taʼminlashda yurtboshimizga yelkadosh boʻlishdir. Bu kabi ezgu maqsad sari harakatlanishda bojxona xodimlari tadbirkorlik subyektlariga tayanch boʻlib, ularga amaliy yordam koʻrsatib kelmoqda.