Bog‘chalarga bolalar qamrovi yanada oshadi
Yangi o‘quv yilida Buxorodagi maktabgacha ta’lim tashkilotlariga bolalar qamrovi 85 foizga yetkaziladi. Bu haqida viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati ma’lum qildi.
Ayni paytda viloyatda 1 912 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti mavjud. Ularning 484 tasi davlat, 98 ta davlat xususiy sheriklik, 21 ta xususiy, 1 309 ta oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti sifatida faoliyat olib bormoqda.

2023 yilning birinchi yarim yilligida 4 ta davlat xususiy sheriklik, 2 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish va 6 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini rekonstruksiya qilish hisobidan 5 633 nafar 3-7 yoshli bolalar qamrab olindi. Qamrov ko‘rsatkichi 82,2 foizga yetkazildi. Tarbiyalanuvchilarning 78 808 nafari davlat, 46 867 nafari nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga jalb qilingan.



2023 yil yakuniga qadar maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarni qamrab olish ko‘rsatkichini 85 foizga oshirish ko‘zda tutilgan. Investitsiya dasturlari doirasida jami 22,5 milliard so‘m mablag‘ hisobiga 7 ta (2 ta yangi qurilish, 4 ta rekonstruksiya, 1 ta mukammal) maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu ob’ektlarda to‘liq qurilish-ta’mirlash ishlari yakunlansa, 700 dan ortiq 3-7 yoshli maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarni qamrab olishga erishiladi.
Zarif Komilov,
O‘zA