Bog‘chadan boshlangan yangi tajriba
Bolaning kelajagi uning ilk qiziqishi va mustaqil harakatlarida namoyon bo‘ladi. Shu bois maktabgacha ta’limda “Bolani nimaga o‘rgatish kerak?” degan savol bilan bir qatorda “Bolaning o‘zi nimani kashf etishi uchun qanday muhit yaratishimiz lozim?” degan savol ham tobora dolzarblashib bormoqda.
<uzb> Jizzax shahridagi 12-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida “O‘zbekiston — mening Vatanim!” shiori ostida o‘tkazilgan “Salom, bog‘cha!” tadbiri ana shu yangicha yondashuvning amaldagi ko‘rinishlaridan biri bo‘ldi. Bayramona tadbirda bolajonlar bilan birga pedagoglar, ota-onalar, mahalla faollari va nuroniylar ham ishtirok etdi.


180 o‘ringa mo‘ljallangan 12-sonli DMTTda oltita guruh faoliyat yuritadi. Muassasada ta’lim-tarbiya jarayoni “Ilk qadam” davlat o‘quv dasturi asosida tashkil etilgan bo‘lib, o‘yinga asoslangan ta’lim, rivojlanish markazlari va bolalarni kasblarga yo‘naltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
— Biz uchun bolaning faqat tayyor bilimni o‘zlashtirishi emas, balki mustaqil izlanishi, tanlashi va o‘z qobiliyatini namoyon etishi muhim, — deydi DMTT direktori Mamlakat Ermatova. — Shu bois rivojlanish markazlarida bolaga erkin faoliyat yuritish, turli yo‘nalishlarni sinab ko‘rish va tengdoshlari bilan hamkorlik qilish imkonini yaratishga harakat qilyapmiz. Kasbga yo‘naltirish ham majburiy tanlov emas, balki bolaning tabiiy qiziqishi va qobiliyatini ilk yoshdan aniqlash vositasi sifatida qaralmoqda.

Bu yondashuv bugungi davlat siyosati bilan hamohangdir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-fevraldagi “Maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida maktabgacha ta’lim tizimini ilg‘or xorijiy tajribalar asosida takomillashtirish, o‘yinga asoslangan ta’limni joriy etish, “Bola, o‘yin va pedagog” loyihasini amalga oshirish hamda bu yo‘nalishda yangi metodikani tajriba-sinovdan o‘tkazish vazifalari belgilangan. Hujjatda 2026–2028-yillarda “Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkilotlarini barpo etish ham ko‘zda tutilgan.
Demak, Jizzax shahridagi 12-sonli DMTTda yo‘lga qo‘yilayotgan tajriba nafaqat muayyan bir muassasaning tashabbusi, balki mamlakat maktabgacha ta’lim tizimi oldida turgan yangi vazifalar bilan uyg‘un amaliy tajriba sifatida ham ahamiyatlidir.

Ayniqsa, bu yerda Xitoy tajribasining bolani o‘yin orqali rivojlantirish, uning qiziqishi va qobiliyatini erta aniqlash, jamoada ishlashga o‘rgatish hamda turli kasblarga yo‘naltirish kabi jihatlariga e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada respublikada allaqachon e’tiborga molik tajriba shakllangan. Toshkent viloyatining Chirchiq shahridagi 14-sonli DMTTda Xitoy tajribasi asosida ta’lim-tarbiya jarayonida o‘yin usullaridan keng foydalanish, bolalarning ijodiy qobiliyatini rivojlantirish, jamoada ishlash va kasblarga yo‘naltirish yo‘lga qo‘yilgan. Robototexnika, tikuvchilik, pazandalik, qurilish, dehqonchilik va dizaynerlik kabi yo‘nalishlar orqali bolalarda mehnatga qiziqish uyg‘otilmoqda. Bu tajriba keyinchalik boshqa hududlar mutaxassislari tomonidan ham o‘rganila boshlandi.

12-sonli DMTT tajribasining e’tiborli jihati shundaki, xorijiy tajriba milliy ta’lim mazmuni bilan uyg‘unlashtirilmoqda. Bola rivojlanish markaziga kirgach, faqat tarbiyachining ko‘rsatmasini bajaruvchi emas, balki faol ishtirokchiga aylanadi. Pedagog esa bola uchun tayyor javob beruvchi emas, balki uni kashfiyotlar sari yetaklovchi shaxs sifatida namoyon bo‘ladi.
— Eng muhimi, biz boladan “Sen kelajakda kim bo‘lasan?” deb talab qilmaymiz. Avvalo, uning nimalarga qiziqishi, nimani zavq bilan bajarishi va qaysi faoliyatda o‘zini erkin his qilishini kuzatamiz, — deydi Mamlakat Ermatova. — Agar bola bugun qurilish o‘yinida o‘zini me’mor sifatida his qilsa, ertaga texnikaga qiziqsa yoki robototexnikada o‘z qobiliyatini namoyon etsa, bu uning kelajakdagi salohiyatini anglash uchun muhim ishoradir.

Aslida, o‘yin — bolaning tili. U o‘yinda nafaqat quvonadi, balki fikrlaydi, qaror qabul qiladi, kelishadi, bahslashadi va mas’uliyatni his qiladi. Shuning uchun o‘yinga asoslangan ta’limni oddiy ko‘ngilochar mashg‘ulot sifatida emas, balki bolaning intellektual, ijodiy, jismoniy va ijtimoiy rivojlanishini ta’minlaydigan pedagogik vosita sifatida baholash kerak.
Masalaning yana bir muhim jihati — bu oila va mahallaning ta’lim jarayonidagi ishtirokidir. “Salom, bog‘cha!” tadbirida ota-onalar, “O‘ratepalik” mahalla fuqarolar yig‘ini va nuroniylarning ishtirok etgani bola tarbiyasida bog‘cha, oila va mahalla hamkorligi qanchalik muhim ekanini yana bir bor tasdiqladi. </uzb>
<uzb> Endilikda asosiy vazifa – Jizzaxdagi 12-sonli DMTT singari muassasalarda shakllanayotgan samarali tajribalarni o‘rganish, ularning natijadorligini baholash va eng ilg‘or jihatlarini respublika miqyosida ommalashtirishdan iborat. Xitoy tajribasining qimmati ham shunda: u bolani yoshligidan "kasb tanlash"ga emas, balki o‘z imkoniyatlarini anglashga, mehnatni qadrlashga, jamoada ishlashga va mustaqil qaror qabul qilishga o‘rgatadi. Agar bu yondashuv milliy qadriyatlarimiz va "Ilk qadam" dasturi bilan to‘g‘ri uyg‘unlashtirilsa, u shunchaki bir bog‘chaning tajribasi bo‘lib qolmay, balki respublikada maktabgacha ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiquvchi samarali modelga aylanishi mumkin.

Tadbir yakunida pedagoglarning munosib rag‘batlantirilgani, bolajonlarning Vatan haqidagi qo‘shiqlarni birgalikda kuylagani esa bir haqiqatni yana bir bor yaqqol ko‘rsatdi: zamonaviy ta’lim va milliy tarbiya bir-birini boyitadi, to‘ldiradi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri </uzb>