Bog‘bon mehnatining samarasi
Bugun bozorlarimizni aylangan kishi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining serobligidan ko‘zi quvnaydi. Saxovatli zaminimizda yetishtirilgan sarxil mevalar xushta’mi, to‘yimliligi va foydali vitaminlarga boyligi bilan ajralib turadi.
Bugun bozorlarimizni aylangan kishi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining serobligidan ko‘zi quvnaydi. Saxovatli zaminimizda yetishtirilgan sarxil mevalar xushta’mi, to‘yimliligi va foydali vitaminlarga boyligi bilan ajralib turadi.Bu ma’murchilik Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xo‘jaligini iqtisodiy rentabelli tarmoqqa aylantirish, hosildorlikni oshirish, aholining meva-sabzavot, uzum va boshqa mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash borasidagi keng ko‘lamli chora-tadbirlar samarasidir.
Farg‘ona viloyatida ham keyingi yillarda yangi bog‘lar barpo etish, ularni kengaytirish va hosildorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Quvaning anori, Oltiariqning uzumi, Rishtonning qantak o‘rigi, Buvaydaning anjirini bir tatib ko‘rgan har qanday odam avvalambor bu zamin saxovatiga, usta bog‘bonlarning mehnati va mahoratiga qoyil qoladi.
Keyingi yillarda viloyatda yangi bog‘-rog‘lar ko‘payib, sarxil mevalar yetishtirish hajmi ortib bormoqda.Xususan, Oltiariq tumanida bu borada katta tajriba to‘plangan. Tumandagi Qapchug‘ay qir-adirlarida yastangan bog‘-rog‘lar ko‘rkidan dil yayraydi. Oltin kuz fasliga monand tovlanib turgan ajib manzara, turfa ko‘rinishdagi dov-daraxtlar kishini o‘ziga maftun etadi.
Qir qo‘ynida nihol ekib, bog‘ yaratish katta mehnat, sabr-toqat talab qiladi. Abdurahim Olamov yer ilmini puxta egallagan mirishkorlardan.
“A.O.M Olamov” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligiga asos solgan bog‘bon ish boshlaganida Qapchug‘ay qirlari taqir, tosh-shag‘aldan iborat yaydoq yerlar edi. Yaxshi niyat, tinimsiz mehnat tufayli bu joylarda bog‘ barpo etildi. Ayni paytda ertapishar gilos, o‘rik, shaftoli bilan birga, Farg‘ona bog‘dorchilik maktabida yangi istiqbolli soha – pista yetishtirishni ham yo‘lga qo‘ydi. 40 sotix yerda shifobaxsh va mo‘may daromad manbai bo‘lgan xandonpista yetishtirilmoqda.
Bog‘bon bu o‘simlikni o‘stirish uchun uzoq izlandi, soha rivoji yo‘lida o‘tkazilayotgan o‘quv-seminarlarda ishtirok etdi. Mahsulot yetishtirishda tajribali mirishkorlar bilan suhbatlashdi. Tajribali bog‘bon Ermat ota Kamolov nav tanlash, ko‘chat yetishtirish, parvarishlash yumushlarida unga amaliy yordam va maslahat berdi. Ko‘rsatmalarga amal qilgan bog‘bon mehnati besamar ketmadi. Qisqa fursatda daraxt shoxlarida marvarid kabi tizilgan, mazasi, sifati bilan xaridorlar e’tiborini tortadigan pistazor barpo etildi. Bugun Abdurahim akaning ish tajribasi nafaqat viloyat, balki butun vodiy bo‘ylab ommalashtirilmoqda.
Mamlakatimiz hududida qurg‘oqchil maydonlar hamda qir-adirlar ko‘pligi sababli bog‘dorchilikda pista yetishtirish iqtisodiy rentabelli tarmoq hisoblanadi.
Pista – mazali quruq meva, to‘kin dasturxon bezagi bo‘lish bilan birga, salomatlik uchun g‘oyat foydalidir.Daraxt po‘stlog‘i ham o‘ziga xos xususiyatlarga ega. U suvsizlik, issiq va sovuq ob-havoga chidamli bo‘lib, har qanday yer sharoitida unib-o‘sadi, bir tup pista daraxti 20 kilogrammgacha hosil berishi mumkin.
Manbalarda yozilishicha, pista dengiz sathidan 500 metrdan 2200 metrgacha bo‘lgan joylarda yaxshi o‘sadi va yuqori hosil beradi. Dengiz sathidan 500 metrdan past bo‘lgan joylarda pista daraxti qo‘shimcha sug‘orish tizimlari yordamida yetishtiriladi.
Bog‘bon ko‘chat yetishtirish borasida ham amaliy ish olib bormoqda. Kelgusi yil bahorda 2 gektar maydonga pista ko‘chatlari ekishga taraddud ko‘rib qo‘ydi.
– Bu bog‘larning bugungi holga kelishi oson bo‘lmadi, – deydi bog‘bon. – Suv ta’minotini yaxshilash maqsadida 70 metr balandlikka suv chiqardik, har bir niholga mehr berdik. Negaki, nihol ham mehrni sezadi. Binobarin, serhosil, mevasining ta’mi shirin, daromadi mo‘l bo‘ladi. Shu bois bog‘larni butun oila hamjihatlikda parvarishlaymiz. Erta bahorda boshlangan yumushlar hali poyoniga yetgani yo‘q. Bog‘ maydonidagi tuproqlarning unumdorligini oshirishda mahalliy o‘g‘itlardan foydalanamiz. Ehtiyojdan ortganini bozorga olib chiqamiz. Bu ham oila byudjeti uchun qo‘shimcha daromad.
Abdurahim akaning bog‘ida bir qarich bo‘sh yer yo‘q. Daraxtlar oralig‘iga sabzavot, chorva uchun ozuqa ekilgan. Bog‘bon istiqbolli loyihalar ustida izlanmoqda. Ayni paytda ekinlarni tomchilatib sug‘orish borasida amaliy ish olib bormoqda.