Bobur Mirzo osh yegan qo‘sh qavatli lagan haqida eshitganmisiz?
Zahiriddin Muhammad Bobur 1494 yili 12 yoshligida otasi, Farg‘ona ulusining hokimi Umarshayx Mirzo baxtsiz hodisa sabab vafot etgach, uning o‘rniga taxtga o‘tiradi. U hukmdor bo‘lgan dastlabki yillarda Temuriy shahzodalar o‘rtasida toju taxt uchun ayovsiz kurash avj oladi.
Yosh Zahiriddin Andijon taxti uchun amakisi Sulton Ahmad Mirzo hamda ukasi Jahongir Mirzo bilan kurashishiga to‘g‘ri keladi. Bobur ukasi bilan murosaga kelishga harakat qilib, unga Farg‘ona ulusining yarmini topshiradi. O‘zi esa Samarqand uchun bo‘layotgan kurashlarga kirishadi.
–Ana shu vaqtda u Xo‘jand, O‘ratepa, Eski Xovosning hozirgi Karvonsaroy hududlarida bir necha kunlar bo‘lib, shu hududda istiqomat qilgan aholi xonadonlarida mehmon bo‘ladi. Bu to‘g‘rida esa, hali- hanuz xalq orasida turli gap-so‘zlar yuradi,–deydi tarixchi olim, arxeolog Solijon Qudratov.–Chunki, Eski Xovostepa Ipak yo‘li chorrahasidagi Farg‘ona va Samarqandni bog‘laydigan muhim manzillardan biri hisoblangan. Xovos tumanining Karvonsaroy mahallasida istiqomat qilayotgan Doniyor Asadov xonadonida saqlanayotgan, Mirzo Bobur osh yegan, qo‘sh qavatli lagan tarixi ham ana shu davrlarga borib taqaladi.
Gap shundaki, lagan yong‘oq daraxtidan qo‘sh qavat qilib ishlangan. Unga suzilgan osh esa uzoq vaqt o‘z taftini yo‘qotmaydi, ya’ni sovib qolmaydi. Qolaversa, osh yeguncha qo‘ldan tushgan guruch donalari dasturxonga tushib, uvol bo‘lmaydi.
Bir zamonlar lagan ichiga o‘ymakorlar tomonidan o‘yib yozilgan eski o‘zbek yozuvidagi so‘zlar yillar davomida laganga osh suzilgani tufayli o‘qib bo‘lmaydigan holga kelib qolgan. Buni ushbu laganda osh yegan, uni ko‘rgan kishi birdan anglaydi.
Lagan tarixi to‘g‘risida to‘xtaladigan bo‘lsak, u haqiqatdan ham qadimiy. Uning bu xonadonga kelib qolishining o‘z tarixi bor. Doniyor Asadovning padari buzrukvori, rahmatli Narzulla Asadov salkam 96 yil umr ko‘rgan, o‘zbek va tojik tillarida ko‘plab go‘zal g‘azallar yozgan, ijodga oshufta kishi bo‘lgan. 1950 yillarda Tojikiston Respublikasining O‘ratepa pedagogika bilim yurtini bitirgach, uni yo‘llanma asosida Tojikiston Respublikasining G‘arm tumaniga ishga jo‘natishadi. U yerda o‘ziga hamkasb bo‘lgan o‘qituvchi bilan birga shu yerlik eshon Habibulaxon xonadonida istiqomat qilib, eshon bobo ajdodlaridan avlodlarga o‘tib kelayotgan, Bobur Mirzo bir zamonlar osh yegan, ammo shu vaqtgacha qadr-qimmatini yo‘qotmagan laganga oshufta bo‘lib qoladi. Shundan so‘ng xonadon sohibidan "Shu laganga ishqim tushib qoldi, neki so‘rasangiz beraman, ammo menga laganni bersangiz" deya iltimos qiladi. Eshon bobo biroz tin olib, so‘ng aytadi: "Sizning shu laganga ishqingiz tushganligini ilk marotaba uyga kelganingizda, unga suzilgan oshni yeganingizda bilganman va anglaganman" deydi-yu, bobolaridan meros bo‘lib kelayotgan va faqatgina tabarruk kishilargagina to‘y, bayramlar munosabati bilan osh suziladigan qo‘sh qavatli laganni unga tortiq etadi.
–Narzulla Asadov eshon boboga bosh-oyoq sarpo berib, mazkur laganni o‘zi yashayotgan xonadon– Xovos tumanining Karvonsaroy mahallasiga olib keladi,–deydi Sirdaryo viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyi direktori Zokirjon Xoldorov. –Biz ushbu qo‘sh qavatli laganni muzey eksponati sifatida muzeyga qo‘yish, restavratsiya qilinadigan joyini restavratsiya qilish, turli ko‘rgazmalarda namoyish etish taklifini ham berdik. Chunki lagan ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan meros sifatida xalq mulkidir. Ammo qo‘sh qavatli laganning bugungi sohiblari bunga rozi bo‘lishmadi.
–Biz istiqomat qilayotgan joylar ko‘p qadimiy hisoblanadi. Chunki yonginamizda hali- hanuz arxeologlar tomonidan tadqiqot ishlari olib borilayotgani, qariyb 2500 yillik tarixga ega Ko‘hna Xovos yodgorliklari, tabarruk maskanlar bor,–deydi buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy hamda shoir va mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludlari munosabati bilan Yangiyer shahridagi Navro‘zobod mahallasida istiqomat qilayotgan Abduqul Mamatov xonadonida o‘tkazilgan navoiyxonlik va boburxonlik kechasida ishtirok etgan "Sharq yulduzi" jurnali adabiyotshunoslik bo‘limi muharriri, yozuvchi va shoir Muhammad Ismoil. –Bu yerlarda nafaqat Bobur Mirzo, 1367-1368 yillarda o‘rta asrning yirik davlat arbobi, buyuk sarkarda, kuchli, markazlashgan davlat asoschisi, ilm-fan va madaniyat homiysi hisoblangan sohibqiron bobomiz Amir Temur ham bo‘lgan. U raqibi Amir Husaynning qo‘shini son jihatidan ko‘p bo‘lishiga qaramay, tor-mor etgan. Bu to‘g‘rida Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma” asarida yozilgan. Bundan tashqari, Bobur Mirzo, XV asrning ikkinchi yarmida esa bu qadimiy zaminga mashhur shoir Abdurahmon Jomiy va Xo‘ja Ahror Valiy ham tashrif buyurgan.
Abduqul Mamatov xonadonida Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi, Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan navoiyxonlik va boburxonlik kechasiga Bobur Mirzo bir zamonlar osh yegan, eshon bobo xonadonidan tortiq etilgan o‘sha mashhur qo‘sh qavatli lagan ham keltirilib, unda osh yeyish baxtiga musharraf bo‘ldik.
Navoiyxonlik va boburxonlik kechasini "Navro‘zobod"lik Abduqul Mamatov va Bonu Mamatova xonadonida emas, boshqa joyda o‘tkazsa bo‘lmaydimi, degan savol tug‘ilishi, shubhasiz. Abduqul Mamatovning kasbi shofyor, Bonu Mamatovaning kasbi kutubxonachi, ular ijodga oshufta kishilar bo‘lib, Navoiy va Boburning chinakam muxlislari. Ular xonadonida XVI asr, hatto XVII, XVIII asrga oid osori- atiqalarni, nodir buyumlarni, tarixiy qo‘lyozmalarni, o‘zbek, tojik, fors, rus tilida yozilgan kitoblarni ko‘rishingiz, uni mutolaa etishingiz mumkin. Shu bois, mazkur tadbir boshqa joyda emas, ular xonadonida o‘tkazildi.
Yana bir e’tiborli jihati, mazkur xonadon sohiblari bundan besh yil muqaddam umra ziyoratiga atab yig‘ib qo‘ygan pul mablag‘iga davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan besh tashabbus doirasidagi ishlarni o‘z xonadonlarida yo‘lga qo‘yib, yoshlarning musiqa, rassomchilik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirish, iste’dodini yuzaga chiqarishga hissa qo‘shish maqsadida kutubxona tashkil etgan.
–Kitob fondidagi 2500 dan oshiq turli til, turli nomdagi nodir kitoblar kishining e’tiborini tortmasdan qo‘ymaydi,– deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, "Yangi Sirdaryo" gazetasi bo‘lim mudiri Hasan Abduvohidov. – Uy muzeyi XVI, XVII, XVIII asrlarga oid osori- atiqalar qatorida o‘zbek va jahon boksining afsonalaridan biri, “Toshkent yo‘lbarsi” nomi bilan dong taratgan Rufat Risqiyev tomonidan taqdim etilgan boks qo‘lqopi, shu hududda bir zamonlar bo‘lgan, ayni vaqtda nomigina qolgan keramika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi zavodda ishlab chiqarilgan, birinchi kosmonavt, Sovet ittifoqi Qahramoni Yuriy Gagarin dastxati tushirilgan keramika quvur, turli davrlarga oid suratlar, o‘lkamizning go‘zal va betakror tabiati ifoda etilgan rang tasvir asarlari bilan boyitildi.
Abduqul Mamatovning turmush o‘rtog‘i Bonu Mamatova o‘zbek va tojik xalqlarining yuz- ikki yuz yillik tarixiga ega kashta, zardevor, so‘zana kabi hunarmandchilik buyumlarini jamlab, nafaqat xonadonidagi yashash xonalarni, hovlisini ko‘hna qadriyatlardan so‘zlaguvchi muzeyga aylantirgan.
–Bundan tashqari, besh tashabbus doirasida hunarmandchilik, sport to‘garaklarini yo‘lga quyganmiz,–deydi Bonu Mamatova.–Xonadonimizga tashrif buyuruvchilar kim, qanday yoshda bo‘lmasin, har biriga xonadonimizda to‘plangan eksponatlar, 5 tashabbus ijrosi doirasida tashkil etgan ishlar, to‘garaklar to‘g‘risida ma’lumot beramiz. Bu ishlardan nafaqat men, turmush o‘rtog‘im, farzandlarim xursand. Chunki ular “Muzeyi bor xonadon”da yashaydi.
Bu yerda o‘tkazilgan navoiyxonlik va boburxonlik kechasida nafaqat o‘zbekistonlik, tojikistonlik va ijodkorlar, madaniyat xodimlari ishtirok etdi. Tili ikki xil bo‘lsa-da, ularni bir maqsad birlashtirdi. Ular Navoiy va Bobur ijodi va faoliyati to‘g‘risida so‘z yuritib, uning g‘azallaridan o‘qishgan bo‘lsa, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir va adib Muhammad Ismoil xonadon sohibi va sohibasiga taniqli shoir va adiblarning kitoblarini tuhfa etib, ularning kitob fondi boyishiga hissa qo‘shdi.
[gallery-21653]
–Ziyo maskanimizni ko‘rishga kelgan kishi borki, qo‘lida kitob sovg‘asi bo‘ladi,–deydi Bonu opa Mamatova. –Shu bois, kitob javonlarimizda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, hokimliklar, turli tashkilotlar va yurtimizning o‘nlab taniqli kishilari hamda ijodkorlari tomonidan tuhfa qilingan kitoblar bor. Kelgusida faoliyatimizni yanada kengaytirmoqchimiz. Buning uchun yer kerak edi, bu masala ham hal bo‘ldi. Tez orada bu yerda o‘zbekona me’moriy uslubdagi imoratlarni qurib, unga muzeyni ham joylashtiramiz. Quriladigan uyimiz devorida tokchayu taxmonlar bilan birga xona sahnida haqiqiy sandal ham bo‘ladi. Shuningdek, “Onaxonlar maktabi”, “Nuroniylar bog‘i” ham tashkil qilish rejamiz bor.
Abduqul va Bonu Mamatovalarning ma’naviy-ma’rifiy hayotdagi faol ishtiroki va olib borayotgan xayrli, ezgu ishlari davlatimiz e’tiboridan chetda qolgani yo‘q. O‘tgan yili Abduqul Mamatov “Sirdaryo viloyatining 60 yilligi”, Bonu Mamatova esa “Mo‘’tabar ayol”, “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan. Ularning oilasi “Eng ibratli oila”, “Eng ibratli xonadon” tanlovlari g‘olibi bo‘lishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri