Bobolarimiz xizmati qadr topdi
Butun umrini, hayotini maʼrifatga, maorifga bagʻishlagan shunday buyuk inson shajarasi davomchisi ekanimdan qalbimda juda katta faxr, iftixor tuydim.
Oʻqituvchi va murabbiylar kuni arafasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning farmoniga koʻra, maʼrifatparvar jadidchilik harakati namoyandalari qatorida bobom – Mahmudxoʻja Behbudiyning Vatanimizning yuksak mukofoti – “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlanganini eshitib, koʻzimga yosh keldi.
Butun umrini, hayotini maʼrifatga, maorifga bagʻishlagan shunday buyuk inson shajarasi davomchisi ekanimdan qalbimda juda katta faxr, iftixor tuydim. Bir men emas, butun qarindosh-urugʻlarimiz, Behbudiy avlodlarining bu quvonchli xabardan boshimiz koʻkka yetdi, bir-birimizni tabrikladik. Doʻstu yorlarimiz ham qoʻngʻiroq qilib, samimiy dil izhorlarini bildirishdi. Bunday eʼtibor, hurmat uchun prezidentimizdan minnatdormiz.
Bu yil buyuk maʼrifatparvar Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludiga 145-yil toʻldi. Prezidentimizning alohida eʼtiborlari bilan ushbu sana keng nishonlanmoqda. Toshkentda yangi ochilgan Adiblar xiyobonida bobomiz haykali oʻrnatilgani, jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabalari uchun Mahmudxoʻja Behbudiy nomidagi stipendiya taʼsis etilgani, Samarqand shahrida uy-muzey ochilayotgani va koʻplab madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilayotgani ulugʻ alloma, jadidchilik harakatining yetuk namoyandasi xotirasiga boʻlgan yuksak ehtirom namunasidir.
Bobomiz hayotini maʼrifatga bagʻishladi, bir umr shu maqsad bilan yashadi. Xalqni turli maʼraka-marosimlardan voz kechib, farzandlarini oʻqitishga chorladi. Ularga til oʻrgatish, zamonaviy ilmlardan saboq berishni ertangi yorugʻ kelajak bilan bogʻladi. Gazeta-jurnal nashr etib, xalqni uygʻonishga chorladi. Teatr ibratxonadir, degan daʼvat bilan ilmsizlik qanday oqibatlarga olib kelishini “Padarkush”da koʻrsatib berdi.
Afsuski, oʻsha davrning oʻnlab hurfikr kishilari, jadidlar qatori bobomiz ham tuzum qurboni boʻldi. Ammo u kishining asarlari, maqolalari hamma davr va zamonlarda ham oʻz qadr-qimmati va ahamiyatini yoʻqotmay, xalqni maʼrifatga boshlab kelmoqda. Ayniqsa, bugun mamlakatimizda yoshlar taʼlim-tarbiyasiga, ilmga juda katta eʼtibor qaratilayotgan bir paytda Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdurauf Fitrat, Isʼhoqxon Ibrat singari maʼrifatparvarlarning qarashlari, ular ilgari surgan gʻoyalar dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Kecha davlatimiz rahbarining maʼruzasini tinglab bunga yana bir bor amin boʻldim. Prezidentimiz mamlakatimizning ertasi, taraqqiyoti taʼlim tizimiga bogʻliqligini alohida qayd etib, bu borada mutasaddi vazirliklar, mahalliy hokimliklar, oʻqituvchi va murabbiylar, ota-onalar oldida turgan vazifalarni sanab oʻtdi. Endi hamma gap har bir kishi bu vazifalarni his qilib, amalga oshirishga initilishida deb oʻylayman. Shunday yoʻl tutsak, bundan jadid bobolarimizning ham ruhi shod boʻlgay.
Shohruh BEHBUDIY,
Mahmudxoʻja Behbudiyning evarasi