Boʻlajak olimning samarali odimlari
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy yildan boshlab raqamli iqtisodiyot tushunchasi jamiyatimizga kirib keldi. Demak axborot texnologiyalarini mukammal oʻrganish, uni sohalarga tatbiq qilish, ushbu yoʻnalishdagi salohiyatli kadrlarni tarbiyalash bugunning muhim talablaridan.
Bugungi globallashuv davrida hayotimizni axborot texnologiyalarsiz tasavvur qila olmaymiz. Boisi aynan ushbu sohaning takomillashuvi insoniyat uchun qator qulayliklar, mislsiz imkoniyatlar yaratilishiga imkon bermoqda. Ayni paytda jamiyatmizdagi har bir sohada innovatsion rivojlanish olib borilmoqda. Albatta bu tizimning mukammallashuvi axborot texnologiyalarining sohaga joriy etilishi bilan bogʻliq.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy yildan boshlab raqamli iqtisodiyot tushunchasi jamiyatimizga kirib keldi. Demak axborot texnologiyalarini mukammal oʻrganish, uni sohalarga tatbiq qilish, ushbu yoʻnalishdagi salohiyatli kadrlarni tarbiyalash bugunning muhim talablaridan.
Hikoya qilmoqchi boʻlgan qahramonimiz Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filiali magistranti Farrux Qodirov ham AKT sohasini chuqurroq oʻrganishni maqsad qilgan.
2015-yilda mazkur oliygohga grant asosida oʻqishga kirganida Farruxning ushbu yoʻnalishdagi ilk maqsadi amalga oshgan edi. Namunali xulqi, bilimga chanqoqligi, ustozlari tomonidan oʻtilgan darslarni puxta oʻzlashtirgani hisobiga 2018-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi stipendiyasiga sazovor boʻldi.
2019-yil 17-mart kuni Rossiya federatsiyasida onlayn oʻtkazilgan tanlovda birinchi oʻrinni qoʻlga kiritib, 1-darajali diplom bilan taqdirlangani ham uning katta yutuqlaridan biri boʻldi. Xuddi shu yili 20-mayda Rossiya federatsiyasining Penza shahrida oʻtkazilgan IX Mejdunarodnogo nauchno-issledovatelskogo konkursa “Dostijeniya vuzovskoy nauki 2019” tanlovida “Texnicheskoye opisaniye mobilnogo prilojeniya “Bar-Qr Master” I yego svoystva” nomli maqolasi bilan qatnashib birinchi oʻrinni egalladi.
– AKT boʻyicha Oʻzbekiston shiddat bilan rivojlanyotgan davlatlardan biri hisoblanadi, – deydi F.Qodirov. – AKT sohasida hozirda qilinmagan, amalga oshirilmagan ilm-fan yutuqlari juda ham koʻp. Shuning uchun AKT sohasini tanlaganman va ushbu sohani hozircha chuqur oʻrganib tatqiq etib kelmoqdaman. Bu borada ancha muncha ilmiy maqolalar, tezislar, loyihalar qilib ulgurdim. Binobarin 100 dan ortiq ilmiy-texnik maqolalar va tezislar, 30 tadan ortiq xalqaro dasturiy loyihalartayyorladim. Bulardan 10 dan ortigʻiga mualliflik guvohnomalarini olganman. Kelajakda Texnika fanlari boʻyicha fan doktori, professor boʻlishni, AKT boʻyicha viloyatimiz salohiyatini oshirish va rivojlantirishni maqsad qilganman.
Farrux Qodirov 2019-yil 16-20-sentyabr kunlari filialda Qashqadaryo viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi va Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Qashqadaryo viloyat hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Al-Xorazmiy izdoshlari” yosh robototexniklar koʻrgazmasida oʻzining bir nechta texnik ishlanmalari bilan ishtirok etib sertifikat bilan taqdirlandi. U ayni paytga qadar TATU Qarshi filiali xoʻjalik shartnomasi doirasida bajarilayotgan korxona va tashkilotlarning veb-saytlarini ishlab chiqish loyihalarida ishtirok etmoqda.

U “Open Data Challenge 2019 Hackaton” Respublika loyihalar tanlovi uchun “InfoPage.gov.uz” Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarni davlat tashkilotlaridan qarzdorlik holatini tekshirish portali loyihasi bilan qatnashib sertifikat qoʻlga kiritdi.
– Farrux filialimizning eng qobiliyatli talabalaridan, – deydi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi TATU Qarshi filiali direktori O.Turgʻunov. – Oʻzining tirishqoqligi va qobiliyati bilan barchaga oʻrnak. Hozirgi kunda u nafaqat malakatimizda, balki butun dunyoda dolzarb boʻlgan Arduino Uno dasturidan foydalanish texnologiyasi va shu dasturdan foydalanib “Svetafor qurish texnologiyasi” buyicha ilmiy izlanish olib bormoqda, uning ilmiy mavzusi “Arduino mikrokontrolleri asosida “Cvetafor qurish” qurulmasini yaratishdir. Taʼlim muassasamizda u oʻzining “Kompyuterlarga sifatli texnik xizmat koʻrsatish” boʻyicha video darslar toʻplamini ham ishlab chiqdi va yana-da takomillashtirmoqda. Bu yoʻlda unga omad tilaymiz.
Farrux 2019 – 2020-yillarda ustozlari hamda oʻzining dasturchilar jamoasidan iborat boʻlgan guruhi bilan birgalikda 30 ga yaqin texnik hamda dasturiy ishlanmalar, loyihalar muallifi hisoblanadi. Oʻzining 10 dan ortiq dasturiy ishlanmalari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligining maxsus mualliflik guvohnomalarini ham qoʻlga kiritgan.
– Xozirda magistrlik dissertatsiyam mavzusi yaʼni ilmiy ishim QR kod texnologiyasi asosida elektron kutubxonaning dasturiy va texnik taʼminotini yaratish, – deydi u. – Maqsadim ilmiy ishimning mavzusidan koʻrinib turibdi yaʼni Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbusning toʻrtinchisi – yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ular oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib qilish maqsadida ushbu ilmiy ishni boshlaganman. Va bu ilmiy ishni muvaffaqiyatli tugatib, hozirda TATU xoʻjalik shartnoma asosida ushbu QR kodli kutubxona stendlarimizni tashkilot, korxona, OTM, davlat idoralariga yetkazib bermoqdamiz. Foydalanuvchilar ushbu yangilik orqali juda katta imkoniyatlarga ega boʻlishdi. Onlayn tarzda kitobni elektron koʻrinishida telefonga koʻchirib olib uni istalgan vaqtda xohlagan joyda oʻqish imkoni bor. Yuklangan kitobni boshqa kitobsevarlarga “Share” qilish yaʼni uzatish imkoni bor.
Erishilayotgan har bir yutuq unga kuch beradi. Yanada koʻproq izlanishga, intilishga chorlayveradi. Mamlakatimiz mustaqilligining 29 yilligi oldidan Farrux Qodirov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga asosan “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filialida Farrux Qodirov kabi iqtidorli talabalar koʻp. Ularning qoʻlga kiritayotgan har qanday natijalari AKT sohasida viloyat salohiyatini yana-da oshirishga xizmat qiladi.