BMT moliyaviy inqiroz yoqasidami?
Birlashgan Millatlar Tashkiloti AQSHning kechiktirilgan badallari bo‘yicha aniq jadval va summa hali ham noma’lum ekanini bildirdi.
O‘tgan hafta Vashington “yaqin kunlarda” dastlabki to‘lov amalga oshirilishini va’da qilgan bo‘lsada, BMT hozircha aniq natija ko‘rmayotganini qayd etgan.
Tashkilot matbuot kotibi Stefan Dyujarrikning aytishicha, moliya bo‘limi Qo‘shma Shtatlar tomoni bilan aloqada bo‘lib turibdi. Bu noaniqlik fonida BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish yanvar oxirida tuzilmaga a’zo davlatlarni ogohlantirib, moliyaviy holat “yaqin orada qulash xavfi” ostida qolayotganini ta’kidlagan edi.

BMT rasmiylariga ko‘ra, to‘lanmagan badallarning 95 foizdan ortig‘i aynan AQSH hissasiga to‘g‘ri keladi. Vashington umumiy hisobda 2,19 milliard dollar, yana 2,4 milliard dollar tinchlikparvar missiyalar uchun va o‘nlab million dollar tribunal xarajatlari uchun qarzdor.
Qo‘shma Shtatlarning BMTdagi elchisi Mayk Uols “Reuters”ga bergan izohida dastlabki to‘lov “sezilarli miqdorda” bo‘lishini aytgan, biroq yakuniy summa hali hal etilmaganini tan olgan. To‘lovlar eski qarzlarni yopish bilan birga, AQSH talab qilayotgan islohotlar bilan ham bog‘lanishi mumkin.
Hozircha esa vaziyat shunday: yil boshidan buyon BMTning 193 a’zosidan atigi 55 tasi o‘z badallarini to‘liq to‘lagan. Eng yirik qarzdorning noaniq pozitsiyasi esa tashkilotning moliyaviy barqarorligi borasida savollarni yuzaga keltirmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA