BMT Falastin aholisini ko‘chirishga qarshi
Birlashgan Millatlar Tashkiloti AQSH Prezidenti Donald Trampning Falastin xalqini urushdan zarar ko‘rgan G‘azo sektoridan majburiy ko‘chirish to‘g‘risidagi chaqirig‘iga norozilik bildirdi. Bu haqda “IRNA news” yozdi.
Kecha bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani chog‘ida BMT vakili Stefan Dyujarrik jahon tashkiloti Falastin xalqini “etnik tozalash”ga olib keladigan takliflarga qarshi ekanini bildirdi:
– Biz odamlar majburiy ko‘chirilishiga olib keladigan yoki etnik tozalashning har qanday turiga sabab bo‘ladigan rejalarga qarshimiz, – dedi mulozim.
Bir necha kun oldin Qo‘shma Shtatlarning yangi rahbari G‘azoni “shunchaki tozalash” va falastinliklarni Misr va Iordaniyaga joylashtirishga chaqirib, sektorni “buzg‘unchilik joyi” deb atagan edi.
Dyujarrik Misr, Iordaniya, Islom hamkorlik tashkiloti va Arab ligasi ham Trampning fikriga qarshi chiqqanini eslatdi.
Avvalroq, AL Bosh kotibi Ahmad Abul G‘ayt Falastin xalqining G‘azo yoki G‘arbiy Sohildagi uylaridan ko‘chirilishi bo‘yicha hech qanday muzokara olib bormasligini ta’kidlagandi.