BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi raisi bilan uchrashuv
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi raisi Volkan Bozkir bilan uchrashdi.
Tadbirda O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi hamkorlikning hozirgi holati hamda istiqbollari, jumladan, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, gender tengligini ta’minlash, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, koronavirus pandemiyasi oqibatlariga qarshi kurashish va Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilgan “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi BMT Bosh Assambleyasi rezolyutsiyasini bir ovozdan qabul qilinganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Suhbat davomida Orol dengizining qurishi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha amalga oshiriladigan islohotlar xususida so‘z bordi.
Shuningdek, 15-16 iyul kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyada BMT vakillarining ishtirokiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Ta’kidlash kerak, BMT Bosh Assambleyasi raisi O‘zbekistonda davlat va jamiyat qurilishi, iqtisodiyotni liberallashtirish, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasidagi ijobiy o‘zgarishlarni yuqori baholadi.
Uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT doirasida ilgari surilgan tashabbuslar, jumladan, mintaqada tinchlik, barqarorlik va farovonlikni ta’minlashga qaratilgan harakatlar strategiyasi to‘g‘risida qator fikrlar bildirildi.
Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA