“Biznesga litsenziyasiz kirish”, ota ismini bolaga familiya sifatida berish kabilar joriy etiladi
Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Mazkur masala bo‘yicha ma’ruza qilgan Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Mamatkarimov “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunda “Biznesga litsenziyasiz kirish” maxsus rejimi yangi huquqiy institut sifatida mustahkamlanayotganini ta’kidladi.
Ushbu institutni qonunchilikka kiritish orqali kelgusida ayrim faoliyat turlari bilan uch oygacha litsenziya yoki ruxsatnomasiz shug‘ullanish imkoniyati yaratiladi.
Natijada tadbirkorlik sub’ektlari litsenziya yoki ruxsatnoma olmasdan turib, elektron tarzda vakolatli organni xabardor qilish orqali o‘z faoliyatini boshlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bunda ularga litsenziya yoki ruxsatnoma talablariga moslashish uchun qo‘shimcha vaqt va o‘z faoliyatini sinov tarzida boshlab, uning iqtisodiy samaradorligini baholash imkoniyati beriladi.
Ushbu o‘zgarish tadbirkorlik faoliyatini boshlashni yengillashtiradi, vaqt va xarajatlarni tejaydi hamda yangi biznes tashabbuslarini rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

Qonun bilan Oila kodeksining 69-moddasiga otaning ismini bolaga familiya sifatida berish bo‘yicha o‘zgartirish kiritilmoqda.
Amalda bolaning familiyasi ota-onaning familiyasiga qarab belgilanadi. Ota yoki ona tomonidan milliy an’analarga ko‘ra boboning ismi ham familiya qilib berilishi mumkin.
Senatorlar otaning ismini bolaga familiya sifatida berilishining qonunchilikda belgilanishi fuqarolarga qo‘shimcha qulayliklar yaratib, milliy va diniy an’analarga muvofiq ularning xohish-istaklarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Qonun bilan “Arxiv ishi to‘g‘risida”gi qonunga arxiv ishi sohasidagi vakolatli davlat organlarining vakolatlarini aniqlashtiruvchi, nodavlat arxivlarini va elektron arxivlarni tashkil etishga doir qoidalarni hamda arxiv hujjatlarini idoraviy arxivlarda vaqtincha saqlash muddatlarini belgilovchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Qizg‘in muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat),
O‘zA