Biznes-ombudsman tomonidan 901 ta to‘qimachilik korxonasining huquqi tiklandi
Ma’lumki, Biznes-ombudsman tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, davlat organlari tomonidan sodir etilgan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va tadbirkorlarning buzilgan huquqlarini tiklash borasida tizimli ishlarni amalga oshirib kelmoqda.
Xususan, Biznes-ombudsman tomonidan Toshkent viloyatida to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlardan elektr energiyasi uchun qonunchilikka zid ravishda bir oylik oldindan to‘lov talab qilinishi holatlari aniqlandi.
Jumladan, davlatimiz rahbarining 2023-yil 10-yanvardagi “Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini tubdan isloh qilish hamda sohaning eksport salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub’ektlari uchun elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha bir oylik oldindan to‘lov qilish talabi bekor qilingan.
O‘rganish natijasida “Toshkent hududiy energosavdo” filialiga ogohnoma kiritilib, 901 ta to‘qimachilik va tikuvchilik korxonasini qamrab oluvchi tizimli muammo bartaraf etildi. “HET BILLING” axborot tizimidagi texnik va tashkiliy kamchiliklar tuzatilib, mazkur toifadagi tadbirkorlarga belgilangan imtiyozlarni to‘liq qo‘llash ta’minlandi.
Shuningdek, joriy yilda mazkur talablarni buzgan 18 nafar tuman va shahar elektr ta’minoti tashkilotlari mansabdor shaxslari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 241-6-moddasi asosida ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Natijada 901 ta tadbirkorlik sub’ektining elektr energiyasi bo‘yicha qonunda belgilangan imtiyozdan foydalanish huquqi ommaviy tarzda himoya qilindi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA