Biznes-ombudsman tadbirkorlar bilan muloqot qildi
Bugungi kunda O‘zbekiston iqtisodiyotining drayveriga aylangan xususiy sektorni rivojlantirish va biznes vakillari uchun qulay muhit yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Biroq, ishbilarmonlik muhitini shakllantirish nafaqat imtiyozlar berish, balki tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini byurokratik to‘siqlar hamda noqonuniy aralashuvlardan ishonchli himoya qilishni ham talab etadi.
Mamlakatimizda ushbu mas’uliyatli vazifani bajarishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Biznes-ombudsman instituti muhim ko‘prik va haqiqiy himoyachi vazifasini o‘tamoqda.
Xususan, hududlarda tadbirkorlik muhitini yaxshilash va soha vakillarining huquqiy himoyasini ta’minlash maqsadida Biznes-ombudsman Abdumannop Bo‘riyev Toshkent viloyatiga tashrif buyurdi.
Ohangaron tumanidagi “Ohangaron Tech Industrial” texnoparki hududida tashkil etilgan uchrashuv 30 nafar tadbirkor bilan ochiq va bevosita muloqot maydoniga aylandi. Maxsus industrial sanoat zonasida faoliyat yuritayotgan ishbilarmonlarning taklif va muammolarini tinglash, ularning erkin rivojlanishi yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish uchrashuvning bosh mavzusi bo‘ldi.

Uchrashuvda bojxona va qurilishga ruxsat olish, yo‘l infratuzilmasi hamda nazorat organlari faoliyati bilan bog‘liq masalalar va takliflar tinglandi. Shuningdek, Biznes-ombudsman “Premier” zavodi va mis ishlab chiqaruvchi korxona faoliyati hamda ishlab chiqarish jarayonlarining tashkil etilishi bilan yaqindan tanishib, tadbirkorlarning faoliyatiga oid masalalarni muhokama qildi va ularni hal etish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.

Toshkent viloyatiga tashrifi davomida Biznes-ombudsman Abdumannop Bo‘riyev Ohangaron shahar Madaniyat markazida 150 dan ziyod tadbirkorlar va nazorat qiluvchi organlar vakillari ishtirokida uchrashuv o‘tkazdi.
Sayyor qabulda soliq imtiyozlarini qo‘llash, infratuzilmani rivojlantirish, xususiylashtirish, imtiyozli kredit ajratish va boshqa masalalar bilan bog‘liq murojaatlar o‘rganilib, mutaxassislar ishtirokida aniq javoblar berildi.

Bildirilgan murojaatlar yuzasidan Biznes-ombudsman va kadastr vakillari ikkita ob’ektga bevosita chiqqan holda holatni joyida o‘rganadigan bo‘ldi.
Tadbirda 40 dan ortiq yosh tadbirkorlar ham ishtirok etdi. Ularning 15 nafariga o‘qish uchun subsidiya olish huquqini beradigan sertifikatlar topshirildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA