Biznes – klinika: yil sarhisobi
«SOVID-19» pandemiyasi bilan bog‘liq cheklovlar barcha biznes sohalariga ta’sir qildi. Aksariyat tadbirkorlar ijara haqi, ish haqi, kreditlar bilan bog‘liq turli xil muammolarga duch keldi.
Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, eskirgan, zamon talabiga javob bermaydigan byurokratik to‘siq va g‘ovlarni bekor qilish yuzasidan ko‘rilgan choralar natijasida ishbilarmonlik muhiti yaxshilandi. Tadbirkorlik sub’ektlari va xususiy investorlar uchun keng imkoniyatlar yaratildi.
Bunday ijobiy o‘zgarishlar nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan ham keng e’tirof etilmoqda. Jumladan, Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi tomonidan e’lon qilingan «Biznes yuritish – 2020» hisobotida O‘zbekiston 69-o‘rinni egallab, islohotlar miqyosi va samaradorligi bo‘yicha dunyoning eng yaxshi 20 ta islohotchi davlati qatoridan joy oldi.
Shu bilan birga, tadbirkorlar va investorlar bilan uchrashuvlar joylardagi ijrochilar sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatidan to‘liq xabardor emasligini, qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning amaliyotga joriy etilishi sezilarli darajada ortda qolayotganligini, ayrim litsenziya va ruxsatnomalarni rasmiylashtirishda ortiqcha byurokratik to‘siqlar mavjudligini ko‘rsatmoqda.
Mamlakatimizda biznes yuritish muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlikka keng erkinlik berish borasida boshlangan islohotlarni davom ettirish hamda qabul qilingan qonun hujjatlarining joylarda to‘g‘ri tatbiq etilishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi va Savdo-sanoat palatasi hamkorligida tashkil etilgan “Biznes-klinika” ham kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlarning sohaga oid farmon va qarorlar, me’yoriy hujjatlardan xabardorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etayotir.
O‘tgan 2020 yilning may oyida boshlangan mazkur loyiha doirasida doimiy ravishda qonunchilik va biznes yuritish bilan bog‘liq turli xil veb-seminarlar o‘tkazilmoqda. Telegram kanalida qonunchilikdagi o‘zgarishlar to‘g‘risidagi infografikalar, vebinarlarning videotasvirlari, «Savollar va javoblar», «Bilasizmi?» rubrikalarida materiallar va boshqa foydali ma’lumotlar berilmoqda.
Klinikaning koll-markazi xodimlari tomonidan o‘tgan yilning 1-mayidan 31-dekabrigacha 3 ming 300 dan ortiq qo‘ng‘iroqlar qabul qilinib maslahatchilarga yuborilgan. Qo‘ng‘iroqlarning aksariyati Toshkent shahridan kelib tushgan. Aksariyat tadbirkorlar yuridik maslahatlar (1242) va kredit olish (721) masalalari bo‘yicha maslahat berishni so‘ragan.
Yil davomida o‘tkazilgan jami 60 dan ortiq vebinarlarda ma’ruzachi sifatida nafaqat Biznes-klinika maslahatchilari, balki taniqli tadbirkorlar ham ishtirok etishdi. Obunachilar uchun qulaylik tariqasida Biznes-klinika tashabbusi doirasida o‘tkazilgan vebinarlar videotasvirlarini maxsus yutub-kanalda joylashtirib kelmoqdamiz. Klinika xizmatidan foydalangan tadbirkorlar juda mamnun.
Gavxar Jumanova, «Darital shoes» MCHJ, Xorazm viloyati: biznes-klinikaning menga yoqqan taraflaridan biri bu – tezkorlik bilan ma’ruzachi-mutaxassis o‘z joyida savollarga javob berib, to‘g‘ri yo‘nalishlar berishidir. Foydalanilmayotgan inshootlar uchun to‘lanmagan ijara haqi va QQSni qaytarish bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelgan edi. Shu bo‘yicha biznes-klinika koll-markaziga qo‘ngiroq qildim. Biznes-klinika mutaxassislari mutlaqo bepul yordam berishdi.
Asadjon Normurodov, «Diyormegatrans» MCHJ, Jizzax viloyati: vebinarlardan birida qurilish sohasidagi ishchilarni bepul ovqatlantirishga oid soliqlar bo‘yicha meni qiziqtirgan savol bilan murojaat etgan edim. Qoyil qolgan tarafim, tezkorlik bilan ma’ruzachi savolimga javob berib, shu mavzuda kerakli tushuntirishlarni berdi
Baxtiyor Shokirov, xususiy tadbirkor, Andijon viloyati: koll-markazga murojaat etgan kunimni o‘zidayoq men bilan loyiha mutaxassisi bog‘lanib, barcha masalalarimga oydinlik kiritib berdi. Qolarversa kerakli hujjatlarni taqdim etib, kimga murojaat etsam, masalam hal bo‘lishini tushuntirib berdi.
Eslatib o‘tamiz, Biznes-klinika faoliyati haqida batafsil ma’lumotni veb-sahifamizda va telegram-kanalimizda topishingiz mumkin. Biznes-klinika mutaxassislarining bepul maslahatlarini olish uchun 1094 raqamli koll-markaziga qo‘ng‘iroq qilish lozim.
Biznes-klinika tashabbusi Rossiya Federatsiyasi va Yaponiya hukumatlari moliyaviy ko‘magida BMTTD va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining «O‘zbekistonda yoshlar bandligiga ko‘maklashish» qo‘shma loyihasi doirasida BMTTD va Savdo-sanoat palatasi tomonidan amalga oshirilmoqda.
BMTTD matbuot xizmati