Biz – Ibn Sino avlodlarimiz!
Chirchiq shahridagi madaniyat saroyida “Biz – Ibn Sino avlodlarimiz!” mavzusida madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent davlat Tibbiyot universiteti Chirchiq filialining birinchi bosqich talabalari uchun “Talabalikka bag‘ishlov” nomli tantanali tadbir tashkil etildi.
Tadbirda Toshkent davlat Tibbiyot universiteti prorektori, tibbiyot fanlari doktori, professor Shuhrat Boymurodov, Toshkent viloyati Kasbiy ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Nasiba Qulbekova, viloyat Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i To‘raqul Arziqulov, Tibbiyot universiteti Chirchiq filiali direktori G‘afurjon Sultonov hamda o‘qituvchilar, ota-onalar va talabalar ishtirok etdi.


– Qizim bu yil mazkur oliygohga o‘qishga kirdi, – deydi 1-kurs talabasi Zaynab Nosirovaning onasi Lutfiya Suyarova. – Bugungi tadbirdan ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi. Butun respublikamizdan men kabi ota-onalar kelgani talabalarga o‘zgacha quvonch bag‘ishladi. Chunki har bir yoshning yonida yaqinlari tursa, u o‘zini baxtiyor his qiladi. O‘z navbatida farzandlarimizning erishayotgan yutuqlarini ko‘rish biz uchun ham katta baxt.


Tadbir doirasida universitetning tashabbuskor, ilg‘or va faol yoshlari tashakkurnoma va sovg‘alar bilan taqdirlandi. Kuy va qo‘shiqlar, sahna ko‘rinishlari, universitetning “Quvnoqlar va zukkolar” jamoasining chiqishlari mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Shu kuni madaniyat saroyi gavjum bo‘ldi. Bino oldidagi bezatilgan muhtasham archa go‘yo mehmonlarga peshvoz chiqayotgandek. Ushbu oliygohda Hindiston, Misr va Quvayt kabi xorij davlatlaridan kelib tahsil olayotgan yoshlar nigohida ham o‘zgacha shodlikni payqash qiyin bo‘lmadi.
A.Musayev, O‘zA.