Bitiruvchilarga “Yosh bojxonachi” ramziy nishoni topshirildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tomonidan otaliqqa olingan Nukus shahridagi 31-sonli umumta’lim maktabida “Ilm eng buyuk sharaf” shiori ostida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda mutasaddilar bilan birga Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari O.Maxmadaliyev va bir guruh bojxona xodimlari ishtirok etib, bitiruvchilarni qutladi. Ularga kelgusida baland parvozlar va oq yo‘l tilandi.

O‘quvchilarni Vatanga sadoqatli qilib tarbiyalash va yosh avlodni har tomonlama barkamol etib voyaga yetkazish yo‘lidagi xizmatlari uchun bir guruh ta’lim sohasi vakillariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi nomidan “Tashakkurnoma” e’lon qilindi.
Ta’kidlash joizki, ushbu maktabda “Yosh bojxonachi” to‘garagi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bayramona tadbir davomida yil mobaynida ushbu to‘garak doirasida o‘tkazilgan nazariy va amaliy darslarda faol ishtirok etgan, shuningdek, tashkil etilgan musobaqalarda g‘olib bo‘lgan 7 nafar o‘quvchi bojxona qo‘mitasi tomonidan ta’sis yetilgan “Yosh bojxonachi” ramziy nishoni bilan taqdirlandi.

Ilm maskani hisoblanmish maktabdan olgan ta’lim va tarbiya yoshlarning kelajakda o‘z o‘rinlarini topishida tirgak vazifasini bajaradi. Bu yo‘lda bojxona organlarining ham hissasi borligi quvonarli. Zero bugungi taqilgan ramziy nishonlar o‘quvchilarni yanada katta qadamlar sari yetaklashi shubhasiz.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri