Bitiruvchilarga nemis tili diplomlari topshirildi
Xorijiy tillarni o‘rganish bugungi davr talablaridan. Zero, til bilganga imkoniyatlar eshigi keng ochiladi.
Poytaxtimizda joylashgan Gyote nomidagi 60-umumta’lim maktabida tashkil etilgan tadbirda ana shunday imkoniyatlardan foydalanishni maqsad qilib, nemis tilini puxta o‘zlashtirgan bir guruh bitiruvchilarga xalqaro “Nemis tili diplomi” (Deutsches Sprachdiplom) topshirildi.
Germaniya Federativ Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi, Germaniyaning xorijdagi maktablar markaziy boshqarmasi (ZfA) vakillari, nemis tili o‘qituvchilari, yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokidagi tadbirda mamlakatimizda xorijiy tillarni o‘rgatishga bo‘lgan alohida e’tibor xususida so‘z yuritildi. Ayni paytda 400 mingdan ziyod hamyurtimiz olmon tilini o‘rganayotgani ta’kidlandi.
Ma’lumki, Germaniya Federativ Respublikasi xorijdagi maktablar markaziy boshqarmasi (ZfA) 90 dan ziyod mamlakatda faoliyat olib borayotgan bo‘lib, “Maktablar: kelajak hamkorlari” (PASCH) tashabbusi doirasida dunyo bo‘ylab 1100 ta maktabni moddiy-texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlab keladi. Boshqarmaning nemis tili bo‘yicha maslahatchi va koordinatori byurosi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan bevosita hamkorlikda ta’lim sohasida xalqaro “Nemis tili diplomi” (Deutsches Sprachdiplom) dasturini yo‘lga qo‘ygan.
Hamkorlikning asosiy maqsadi davlat tasarrufidagi ta’lim muassasalarida, ya’ni, hamkor maktab va akademik litseylarda A2/V1 va V2/S1 darajadagi xalqaro “Nemis tili diplomi” (“Deutsches Sprachdiplom DSD Stufe I und Stufe II”) dasturini amalga oshirish bo‘lib, mazkur til bilish to‘g‘risidagi xalqaro hujjat Germaniya oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olish imkoniyatini beradi.
– Joriy yilda V2/S1 darajadagi xalqaro “Nemis tili diplomi” uchun o‘tkazilgan imtihonlarda Toshkent shahridagi 60-maktab, Samarqand shahridagi 51-maktab hamda Farg‘ona davlat universiteti qoshidagi akademik litseyining 90 nafar bitiruvchisi ishtirok etdi, - deydi Germaniyaning xorijdagi maktablar markaziy boshqarmasi (ZfA) nemis tili bo‘yicha maslahatchi va koordinatori Svetlana Lyubavina. – Imtihon natijalarini baholash jarayoni Berlin shahrida amalga oshirildi. Ishtirokchilarning 44 nafari diplom olishga muyassar bo‘ldi. Ularning 30 nafari esa Germaniya oliy ta’lim muassasalarida o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.
[gallery-17327]
Marosimda ishtirok etgan Germaniya Federativ Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi birinchi kotibi, madaniyat bo‘limi boshlig‘i janob Klemens Shvanhold bitiruvchilarni erishgan muvaffaqiyati bilan qutlab, ularga V2/S1 darajadagi xalqaro “Nemis tili diplomi”ni tantanali ravishda topshirdi. Shuningdek, Germaniyaning xorijdagi maktablar markaziy boshqarmasi (ZfA) bilan hamkorlik qiluvchi maktablarning 6 nafar o‘qituvchisiga ham xuddi shunday diplomlar taqdim etildi.
Kamola Yusupova,
Oybek Pardayev (surat), O‘zA