Bitiruvchilar uchun bo‘sh ish o‘rinlari
Termiz davlat universitetida Surxondaryo viloyati prokuraturasi, viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi hamkorligida bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Yakunlanayotgan o‘quv yilida viloyatdagi eng yirik oliy ta’lim muassasasini 6 ming 309 nafar talaba 72 turda bakalavriat, 32 turda magistr mutaxassisligi bo‘yicha muvaffaqiyatli bitirmoqda. Ularning 841 nafari magistratura bosqichini tugatayotir.

Bitiruvchi yigit-qizlarni o‘z mutaxassisligi bo‘yicha bo‘sh ish o‘rinlari bilan ta’minlash, ularni mehnat bozoridagi kasblarga yo‘naltirish maqsadida o‘tkazilgan tadbirda keyingi yillarda oliy ta’lim muassasalarini tugatayotgan yigit-qizlar bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Bu jarayonda Surxondaryo viloyatida ham muayyan ishlar amalga oshirilib, ish beruvchilar bilan hamkorlikda vakansiya va amaliyot yarmarkalari, talabalar uchun biznes uchrashuvlar o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi. Mehnat yarmarkasida yosh mutaxassislar uchun viloyatdagi 180 dan ortiq muassasa, korxona, tashkilot va tadbirkorlik sub’ektlari 1 ming 300 dan ziyod bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi.

–Yaqinda mutaxassisligim bo‘yicha bakalavriat diplomini olaman, – deydi Termiz davlat universitetining geografiya ta’lim yo‘nalishini bitirayotgan Fayzixol Nabiyeva.– Universitetni tugatsam ish faoliyatimni maktabdan boshlashni niyat qilgan edim. Mana, bugun shu orzuim amalga oshadigan kun ekan. Shahardagi 20-umumta’lim maktabi bilan o‘z mutaxassisligim bo‘yicha o‘qituvchi vazifasiga uch tomonlama shartnoma imzoladik. Bundan juda xursandman.

Shu kuni yigirmaga yaqin bitiruvchi talaba kompyuter texnologiyalari, qurilish materiallari, IT dasturchici, arxitektura kabi yo‘nalishlarda mehnat qilish uchun shartnoma imzoladi. Shuningdek, 30 ga yaqin vaqtincha ishsiz fuqaroning ham bandligi ta’minlanadigan bo‘ldi. 60 nafari haq to‘lanadigan ishga, 50 nafari kasb-hunarga yo‘naltirildi Talaba-yoshlar va vaqtincha ishsiz fuqarolarning 290 nafariga huquqiy maslahat berildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri