Bitiruvchilar mustaqil hayotga yo‘l oldi
Termiz shahridagi Prezident maktabida 2023/2024 o‘quv yili yakuniga bag‘ishlangan “Ilm – saodat kaliti!” shiori ostida bitiruv oqshomi bo‘lib o‘tdi. Unda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, pedagoglar, o‘quvchilar va ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olganlar o‘quv yili davomida erishilgan yutuqlar, ta’lim-tarbiya jarayonlarida amalga oshirilgan islohotlar xususida to‘xtalib, katta hayot ostonasiga qadam qo‘yayotgan bitiruvchilarga kelgusi o‘qish va ishlarida zafarlar tiladi.
Tadbir o‘quvchilar ijrosida tayyorlangan sahna ko‘rinishlari, orkestr jamoasining kuy-qo‘shiqlari bilan davom etdi.
Badiiy qismdan so‘ng, o‘quv yili davomida yuqori natijalarga erishgan, turli xalqaro hamda respublika tanlovlarida sovrinli o‘rinlarni egallagan xodimlar va o‘quvchilar tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
2021 yilning oktyabrida faoliyatini boshlagan mazkur maktabda hozirda 165 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Yakunlangan o‘quv yilida esa maktabni 23 nafar o‘quvchi tamomladi.
Bitiruvchi o‘quvchilarning barchasi xorijiy til bilish sertifikati IELTSdan eng yuqori 8,5 ball, eng quyisi esa 5,5 ballni olgan. 9 nafar bitiruvchi dunyodagi top universitetlarning, umumiy qiymati 1 million 139 ming AQSH dollari miqdoridagi grantiga ega bo‘ldi.
[gallery-17944]
O‘zA fotomuxbiri
Jonibek QO‘ZIMURODOV olgan suratlar