Bitiruvchilar mustaqil hayotga yo‘l oldi
Ma’lumki, rivojlanish yo‘lidagi har bir davlat kuchli harbiy salohiyat bilan birga mustahkam ma’naviy poydevorga ega bo‘lsagina yuksak taraqqiyotga erisha oladi. Ayni shu ma’noda, bugun milliy armiyamizning qudrati va jangovar salohiyatini belgilaydigan asosiy omil sifatida ma’nan yetuk, burchiga sadoqatli, mard va jasur harbiy kadrlarni tayyorlash masalasi namoyon bo‘lmoqda.
Ushbu ezgu g‘oya va maqsadlarning ro‘yobi sifatida 2021 yilda Termiz shahrida faoliyati yo‘lga qo‘yilgan Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik litseyida ham milliy istiqlol g‘oyalariga sodiq bo‘lgan, yuksak salohiyatli, haqiqiy vatanparvar harbiy kadrlarning yangi avlodini yetishtirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Ta’lim dargohida yoshlarning zamonaviy bilim olishlari, raqamli texnologiyalar hamda harbiy texnikalarni mukammal egallashlari, shuningdek jismonan sog‘lom va ma’nan yetuk bo‘lishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
Albatta, bunday g‘amxo‘rlik va e’tiborga javoban litsey o‘quvchilari ham malakali ustozlar ko‘magida yuqori natijalarni qo‘lga kiritib kelayotgani e’tirofga sazovor. Xususan, o‘quvchilar Jasurbek Ro‘ziyev va Muhammadjon Eshmurodov fanlarni a’lo o‘zlashtirgani, viloyat va Respublika miqyosidagi tanlovlarda munosib ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallagani uchun “A’lochi o‘quvchi” ko‘krak nishoniga sazovor bo‘ldi.
O‘quvchi Abdurahmon Qodirov tarix fanidan Respublika olimpiadasida mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Mahmudjon Mustafoyev “Taekvondo” sportining VTF yo‘nalishida O‘zbekiston va Osiyo chempioni bo‘lib, jahon chempionatiga yo‘l oldi. Shuningdek, 41 nafar litsey o‘quvchisi xorijiy tillar, 4 nafari esa tarix fanidan umumta’lim fanlarini bilish milliy sertifikatini qo‘lga kiritib, ushbu fanlardan maksimal ball beruvchi imtiyozga ega bo‘ldi.
Bundan tashqari, 20 nafar o‘quvchi “Temurbeklar maktablari” o‘rtasida o‘tkazilayotgan fan olimpiadalari, turli ko‘rik-tanlov va sport musobaqalarida munosib ishtirok etdi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan joriy yilda o‘tkazilgan “Eng namunali ta’lim muassasasi” tanlovida ham mazkur litsey jamoasi “Temurbeklar maktablari” o‘rtasida faxrli 1-o‘rinni egalladi.
Kuni kecha “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik litseyida o‘tkazilgan ilk bitiruvchilarni mustaqil hayotga kuzatish marosimi ham ikki yillik ta’lim-tarbiya va harbiy tayyorgarlik jarayonlarining sarhisobi sifatida namoyon bo‘ldi. Ikki yil avval ezgu niyatlar bilan qadalgan 101 nafar nihol bugun ko‘zlarni quvontirgan holda to‘la-to‘kis bo‘y ko‘rsatib, bitiruvchi sifatida saf maydonida qad rostladi. Tadbirda Chegara qo‘shinlari mas’ul ofitserlari, faxriylar, hamkorlikdagi kuch tuzilmalari, Termiz Davlat universiteti, Ma’naviyat va ma’rifat markazi vakillari, litsey jamoasi hamda o‘quvchi yoshlarning ota-onalari ishtirok etdi. Unda so‘z olganlar bitiruvchilarni samimiy qutlab, kelgusida qay soha egasi bo‘lishlaridan qat’iy nazar, yurt koriga yaraydigan, jamiyatimiz ravnaqi va rivoji uchun xizmat qiluvchi munosib kadrlar bo‘lib yetishishlarini, litseyda olgan bilim va ko‘nikmalarini samarali qo‘llagan holda oldilarida turgan sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, oliy ta’lim muassasalarining baxtiyor talabalari safiga qo‘shilishlarini tiladi.
Shundan so‘ng, bitiruvchilarga diplomlarni tantanali tarzda topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
– Bugun fanlarni a’lo baholarga o‘zlashtirib, yuqori natijalarga erishgan 15 nafar o‘quvchimiz “Imtiyozli diplom” sohibi bo‘ldi, – deydi litsey direktori Muzaffar Norqobilov. – Fursatdan foydalanib, shunday iqtidorli yoshlarni tarbiyalab, voyaga yetkazgan qadrli ota-onalarimizga o‘z tashakkurimni izhor etaman. Shuningdek, litseyimizning jonkuyar, fidoyi va malakali ustozlari hamda faoliyatimizda har tomonlama ko‘mak berib kelayotgan DXX rahbariyati va Chegara qo‘shinlari qo‘mondonligiga ham alohida minnatdorchilik bildiraman.
Ishonchim komilki, biz bundan buyon ham birgalikda, hamnafas bo‘lib, farzandlarimizni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning iste’dodu qobiliyati, ezgu intilishlarini to‘liq ro‘yobga chiqarish, intellektual salohiyatini yanada yuksaltirib, ijtimoiy faolligini oshirish yo‘lida bor kuch-g‘ayratimizni safarbar etamiz.
Tadbirning badiiy qismida Chegara qo‘shinlari Ashula va raqs ansambli xonandalari hamda “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik litseyi musiqa to‘garagining havaskor a’zolari tomonidan taqdim etilgan konsert dasturi barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Biz ilk qaldirg‘ochlarni bitiruv marosimi bilan qutlab, kelgusida ularga baland parvozlar tilab qolamiz.
Mayor Farida Bobojonova
DXX Chegara qo‘shinlari