Bitiruvchilar bandligini ta’minlash bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi tomonidan oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash hamda ularni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish masalalariga bag‘ishlangan majlis o‘tkazildi.
Tadbirda oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining mehnat bozorida munosib o‘rin egallashi, ularni ish bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, muammolar va ularni hal etish choralari muhokama qilindi. Bitiruvchilarning zamonaviy mehnat bozori talablariga mos ko‘nikmalarni egallashi muhim ekani ta’kidlandi.
Senat tomonidan oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash, ularni ishga joylashtirish va tadbirkorlikka jalb qilish bo‘yicha parlament nazoratini amalga oshirish maqsadida tegishli qaror qabul qilingan. Unga muvofiq, ta’lim yo‘nalishlari, vazirlik va idoralar hamda hududlar kesimida reja-taqsimot tasdiqlangan, shuningdek, respublika, tarmoq va hududiy ishchi guruhlari shakllantirilgan.
Respublika ishchi guruhi tomonidan bitiruvchilarning bandlik balansi “career.edu.uz” platformasi orqali doimiy onlayn monitoring qilib borilmoqda. Bugungi kunda mazkur platformaning imkoniyatlaridan samarali foydalanish yo‘lga qo‘yilgan.

Muhokama davomida sohada amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi. Xususan, hozirga qadar platformada 30 mingdan ortiq ish beruvchi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, bitiruvchilar tomonidan 300 mingdan ziyod rezyume shakllantirilgan. Platforma xorijiy ish qidirish platformalari hamda “Osonish.uz” tizimi bilan integratsiya qilingan. Ayni paytgacha unda 3 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari joylashtirilgan.
Bu esa ish beruvchilarga ehtiyojlariga mos kadrlarni tanlash, bitiruvchilarga esa o‘z bilim va ko‘nikmalariga muvofiq ish o‘rinlarini topish imkoniyatini yaratmoqda.
Yig‘ilish yakunida senatorlar tomonidan mas’ul vazirlik va idoralarga bitiruvchilar bandligini ta’minlash ishlarini yanada jadallashtirish, mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar berildi.
N.Abduraimova,
O‘zA