Birlashib, buyuk tarix yaratamiz
Jamiyat taraqqiyotini belgilaydigan kuchlar ko‘p. Ammo ularning zamirida ma’rifat, milliy birdamlik va yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi mujassam bo‘lsa, ezgu maqsadlar yanada yuksak samara beradi. Jizzaxda “Ma’rifat karvoni” loyihasi doirasida o‘tkazilgan “Birlashib, buyuk tarix yaratamiz” mavzusidagi o‘quv- seminar ana shu g‘oyalar atrofida mushtarak fikr va maqsadlarni birlashtirdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida ilgari surilgan g‘oyalar mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida tashkil etildi. Unda mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, milliy yuksalishning ustuvor yo‘nalishlari hamda Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti oldida turgan muhim vazifalar haqida fikr almashildi.
Jizzax davlat pedagogika universiteti Axborot-resurs markazining majlislar zalida boshlangan seminarning ilk qismi O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi sadolari bilan ochildi. Bu ramziy lahza tadbirning bosh g‘oyasi – Vatanga sadoqat, milliy g‘urur va yurt kelajagiga daxldorlik tuyg‘ularini mustahkamlash bilan uyg‘unlashdi.


Seminarda tarix fanlari doktori, dotsent O‘tkirjon Hoshimov, falsafa fanlari doktori Shahlo Ahrorova, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Mahfuza Yo‘ldosheva, sotsiologiya fanlari doktori, xalqaro toifadagi murabbiy Mavluda G‘afforova, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati raisi o‘rinbosari Naim Niyazov hamda Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi Jizzax viloyat bo‘limi rahbari Iqboloy Umarova ma’ruzalar bilan ishtirok etdi.


Ma’ruzalarda kelgusi o‘n yillikni milliy yuksalish davriga aylantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Inson qadrini yanada yuksaltirishga qaratilgan milliy dasturning yetti yo‘nalishi mazmun-mohiyati, ularning o‘zaro uzviyligi va davlat hamda jamiyat oldida turgan yangi strategik vazifalar atroflicha tahlil qilindi.
Ayniqsa, mamlakat taraqqiyotining uzviy omillari sifatida bilim va malaka, sog‘lom va farovon hayot, kuchli iqtisodiyot, zamonaviy infratuzilma, ijtimoiy himoya, ma’naviy yuksalish va milliy birdamlikning ahamiyati ta’kidlandi. Zero, taraqqiyotning barqarorligi nafaqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar, balki insonning bilimli, faol va jamiyat taqdiriga daxldor bo‘lishi bilan ham chambarchas bog‘liq.


Tadbirning ma’naviy ta’sirini Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan tayyorlangan “O‘zbek kelayotir, tarix qa’ridan” videoklipi yanada kuchaytirdi. Unda xalqimizning boy tarixi, milliy g‘ururi, ajdodlar merosi, istiqlol yillaridagi bunyodkorlik ishlari va Yangi O‘zbekistonning kelajakka intilishi ta’sirchan ifoda etildi.
O‘quv- seminarda 200 nafar soha vakili ishtirok etdi. Targ‘ibot ishlarini samarali tashkil etish uchun jalb etilgan 26 nafar oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilaridan 12 nafari targ‘ibot ishlarini olib borish uchun suhbat asosida saralab olindi.

Tadbir yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyevning mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan so‘zlagan nutqida ilgari surilgan asosiy g‘oya va tashabbuslarni joylarda keng targ‘ib qilish, ayniqsa, yoshlar ongida Vatanga sadoqat, milliy g‘urur, shukronalik, daxldorlik va yurt kelajagiga ishonch tuyg‘ularini mustahkamlash muhim vazifa sifatida belgilab olindi.
“Ma’rifat karvoni”ning Jizzaxdagi navbatdagi manzili shu jihatdan oddiy o‘quv-seminar doirasidan kengroq mazmun kasb etdi. U ma’rifatni harakatga, tarixiy xotirani milliy g‘ururga, birdamlikni esa umumiy maqsad sari intilishga aylantirish zaruratini yana bir bor namoyon etdi. Seminarda faol ishtirok etgan, tashabbuskorligi va samarali faoliyati bilan namuna ko‘rsatgan ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri