Birinchi Prezident xotirasiga ehtirom ko‘rsatildi
Andijon viloyati Asaka shahridagi Islom Karimov nomli “UzAuto Motors” aksiyadorlik jamiyatida O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti, davlat va jamoat arbobi, korxona asoschisi Islom Karimov tavalludining 87 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Mehnat faxriylari, nuroniylar, yoshlar, keng jamoatchilik hamda korxona vakillari ishtirok etgan tadbir davlatimiz madhiyasi sadolari bilan boshlandi.

Ishtirokchilar tomonidan Islom Karimov monumentiga gulchambarlar qo‘yilib, uning xotirasiga ehtirom ko‘rsatildi.

Shundan so‘ng tadbirda so‘z olgan korxona kasaba uyushma qo‘mitasi raisi O‘ktamjon Mirzayev, “Nuroniylar” jamoatchilik kengashi a’zosi Mo‘ydinjon Dadajonov, viloyat IIB boshlig‘ining maslahatchisi Orifjon Yuldashev Islom Karimovning milliy davlatchilik tarixida tutgan o‘rni, Vatanimiz ravnaqi, xususan, avtomobil zavodini tashkil etish yo‘lidagi ulkan xizmatlari haqida gapirdi.

Tadbir yakunida Asaka tumanidagi 34-davlat maktabgacha tashkiloti tarbiyalanuvchilari tomonidan badiiy dastur namoyish etildi.
F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari