Birinchi milliy dastur yo‘nalishidagi vazifalar belgilab olindi
Prezidentimizning mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi barcha soha va yo‘nalishlarda galdagi vazifalarni belgilab olish, shu asosida yangi pog‘onalarni egallashda muhim ahamiyat kasb etadi. Joylarda, tashkilot va idoralarda mazkur nutqdan kelib chiqadigan ustuvor vazifalar belgilab olinmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida ushbu tarixiy nutqdan kelib chiqadigan vazifalar va va ularni amalga oshirish mexanizmlari muhokama qilindi. Jumladan, Prezident nutqida ilgari surilgan birinchi milliy dastur — bilim va malakani mamlakatimizning kelgusi taraqqiyotini ta’minlaydigan asosiy kapitalga aylantirish vazifasiga alohida e’tibor qaratildi.
Prezident nutqida keltirilganidek, so‘nggi o‘n yil mobaynida ta’lim sohasida amalga oshirilgan tizimli islohotlar natijasida maktabgacha ta’lim qamrovi 78 foizga yetkazildi, umumta’lim maktablarida 1,5 million qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratildi, oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar soni 1 million 600 ming nafarga yetdi.
Bu esa yoshlarning bilim olishga bo‘lgan intilishi va oliy ma’lumotga ega bo‘lish imkoniyatlari sezilarli darajada kengayganidan dalolat beradi. Talabalarning yarmidan ko‘pini xotin-qizlar tashkil etayotgani esa qizlarning ta’lim olishi uchun keng imkoniyatlar yaratilayotganidan dalolatdir. Ta’limga yo‘naltirilayotgan resurslarni mamlakatning kelajagiga kiritilayotgan strategik investitsiya sifatida baholash lozimligi alohida ta’kidlandi.
Qo‘mita a’zolari Prezident nutqidagi birinchi milliy dasturda belgilangan vazifalarni amalga oshirish borasida zarur huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish, mavjud muammolarni parlament nazorati orqali tizimli ravishda o‘rganib borish, ilgari surilgan tashabbuslarni aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish, davlat dasturlari va islohotlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish zarurligini alohida qayd etdilar.
Yig‘ilish yakunida Prezident nutqida belgilangan ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqqan holda qo‘mita tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.
M.Komilova, O‘zA