Birgina mashinada kuniga 35–40 tonna paxta terib olinmoqda
Bugun dalalardagi har bir qarich yerning qadri, har bir yetishtirilgan hosilning salmog‘i yurtimizda agrar sohani yangi bosqichga olib chiqish, fermerlar mehnatini munosib rag‘batlantirish va zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etishga qaratilayotgan e’tibor bilan chambarchas bog‘liq.
Davlat rahbari tashabbusi bilan qishloq xo‘jaligida mehnat unumdorligini oshirish, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, zamonaviy texnika va innovatsiyalarni keng joriy etish, fermer va dehqonlarning manfaatdorligini kuchaytirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Buxoro viloyati dalalaridagi bugungi jarayonlar ana shu islohotlarning amaliy samarasini yaqqol namoyon etmoqda.
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari, Fermerlar kengashi raisi Aktam Xaitovning Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida Olot tumanidagi “Muxtor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida bo‘lib, paxta yig‘im-terimi jarayoni bilan tanishgani ham sohada mehnat qilayotgan insonlarning faoliyatiga e’tibor nechog‘li muhim ekanini ko‘rsatdi.
Tashrif davomida Saida Ahmedova fermer xo‘jaligidagi paxta yig‘im-terimi jarayoni atroflicha ko‘zdan kechirildi.
Xo‘jalik tasarrufidagi 23,5 gektarlik paxta maydonida Shinjon uyg‘ur Xitoy navi yetishtirilgan bo‘lib, joriy mavsumda 145 tonna hosil olish rejalashtirilgan. Ayni paytda dalada zamonaviy paxta terish mashinasi samarali ishlayotir. Birgina texnika kuniga 35–40 tonna paxtani yig‘ib olish imkoniyatini bermoqda.
Bu raqamlar ortida nafaqat zamonaviy texnika, balki yil davomida qilingan mashaqqatli mehnat, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida bajarish, yerga mehr va hosilga mas’uliyat mujassam.
Paxtachilikda mexanizatsiyaning kuchayishi esa, o‘z navbatida, inson mehnatini yengillashtirish, terim sur’atini oshirish va hosilni qisqa muddatlarda, sifatli yig‘ib-terib olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu bilan birga, mavsumiy ishlarga 30 nafar ishchi jalb etilgan. Demak, zamonaviy texnika qanchalik rivojlanmasin, uni boshqaradigan, daladagi jarayonni tashkil etadigan, har bir ishning sifatini nazorat qiladigan inson mehnati hamon asosiy kuch bo‘lib qolmoqda.


Tashrif davomida mahalla hududida faoliyat yuritayotgan ilg‘or fermer xo‘jaliklari rahbarlari va mexanizatorlarining mehnatiga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, “Islom”, “Oltin tuproq”, “Yashnarbek Sanoqulov”, “Ko‘mak bobo”, “Shamsiddin Abdiyev” kabi fermer xo‘jaliklarida samarali mehnat qilayotgan yurtdoshlarning fidoyiligi e’tirof etildi. Ularga mehnatini rag‘batlantirish maqsadida esdalik sovg‘alari topshirildi. Bir qarashda oddiydek tuyulgan ushbu e’tibor zamirida katta ma’no bor. Chunki fermerning dalasi — uning nafaqat rizq-ro‘zi, balki yillik mehnati, orzu-intilishlari va mas’uliyati mujassam bo‘lgan maskandir. Mexanizator uchun esa tong saharidan dalaga chiqib, texnika rulini boshqarish — oddiy ish emas, balki butun bir mavsum taqdirini belgilaydigan mashaqqatli mehnatdir. Shu bois mehnat egasining qadrlanishi, uning fidoyiligi e’tirof etilishi — yangi marralarga chorlaydigan ma’naviy kuchdir.
Qishloq xo‘jaligida, ayniqsa, paxta yig‘im-terimini uyushqoqlik bilan tashkil etishda mahalliy rahbarlarning mas’uliyati ham beqiyos. Shu ma’noda Olot tumani hokimi N. Ne’matovaning sohaga e’tibori, paxta yig‘im-terimini tizimli tashkil etishdagi faolligi va jonbozligi ham e’tirof etildi. Unga tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘asi topshirildi. Zero, hosilni yetishtirish bir masala bo‘lsa, uni o‘z vaqtida va nes-nobud qilmasdan yig‘ib olish yana bir muhim vazifadir. Bu jarayon fermerdan tortib mexanizator, ishchi, mahalla va mutasaddi rahbarlargacha bo‘lgan barcha bo‘g‘inning hamjihat mehnatini talab qiladi.
Bugun mamlakatimizda qishloq xo‘jaligiga faqat hosil yetishtiriladigan soha sifatida emas, balki aholi farovonligi, oziq-ovqat xavfsizligi, bandlik va hududlar iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlaydigan strategik yo‘nalish sifatida qaralmoqda.


Shuning uchun ham davlat siyosatida fermerlar va qishloq xo‘jaligi mehnatkashlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, zamonaviy texnika va texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga alohida urg‘u berilmoqda. Olot dalalaridagi manzara esa ana shu e’tiborning hayotdagi ifodasidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri