Bir oilaga quvonch ulashildi
Davlatimiz rahbarining joriy yil 30 apreldagi “Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida ushbu muborak kunlarni mazmunli va ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazish uchun Ramazon hayiti munosabati bilan yurtimizda dam olish kunlari e’lon qilingan.
Bu hordiq kunlarida yoshi ulug‘larni ziyorat qilish, bemorlar va muhtojlar holidan xabar olish, yaqinlar bilan diydor ko‘rishish uchun yaxshi imkoniyat bo‘ldi.

“Mahalla” xayriya jamoat fondi Namangan viloyati bo‘limi tomonidan Ramazon hayiti munosabati bilan xayrli tashabbus amalga oshirildi. Ya’ni, fondga murojaat qilgan, nogironligi bo‘lgan oilaga quvonch ulashildi.
Namangan shahrining Shodlik mahallasi, 1-o‘tish So‘fizoda ko‘chasi, 6-uyda yashovchi Jamolxon Mashrabboyevning 2001 yilda tug‘ilgan nabirasi Ubaydullo G‘aybullayev bolalikdan tayanch-harakatlarida muammolari borligi uchun nogironlik aravachasiga ehtiyoji bor.

Unga elektr quvvati bilan harakatlanuvchi nogironlik aravachasi berilgan edi, lekin nogironlik aravachasi buzilib qolganligi sababli ko‘chaga chiqishda, qo‘shnilar bilan diydorlashishda muammolar yuzaga kelgan.
Nogironlik aravachasini Farg‘ona shahridagi ustaxonada tuzatish mumkinligi ma’lum bo‘ldi va ta’mirlashda “Mahalla” jamoat fondidan ko‘mak so‘rashdi. Muammo hal etildi.

Yaxshilik, o‘zgalarga mehr-oqibat ko‘rsatish kabi insoniy fazilatlar qutlug‘ kunlarda yanada ko‘proq namoyon bo‘ladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA