Bir oiladan ikki tadbirkor
Buxoro viloyati Jondor tumanidagi “Jondor chashmasi” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarilayotgan sut mahsulotlari xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.
Buxoro viloyati Jondor tumanidagi “Jondor chashmasi” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarilayotgan sut mahsulotlari xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.Korxona rahbari Mamlakat Toshevaning asli kasbi o‘qituvchi. Opada tadbirkorlikka havas tomorqaning bir chetida ro‘zg‘or uchun ul-bul yetishtirarman, degan niyatda issiqxona tashkil etishdan boshlandi. Keyin mamlakatimizda tadbirkorlar uchun yaratilayotgan keng sharoit va imkoniyatlardan foydalanib, pomidor va limon ko‘chatlari parvarishidan olingan daromad hamda ko‘p yilar davomida to‘plangan sarmoya evaziga faoliyati to‘xtab qolgan sutni qayta ishlash korxonasini xususiylashtirib oldi. Shunday qilib, “Jondor chashmasi” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga asos soldi.
– Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, soha subyektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi tadbirkor. – 2008-yilda tijorat bankidan olingan 50 million so‘mlik kredit mablag‘i faoliyatimiz rivojida qo‘l keldi. Dastlab, ikki kishi bilan ish boshlagan korxonamizda kuniga 50 litr sut qayta ishlanar edi. Yil sayin ishlab chiqarish hajmini oshirib bordik. 2013-yilda tijorat bankining 100 million so‘mlik krediti va o‘z mablag‘imiz hisobidan sexlarni kengaytirdik, zamonaviy uskunalar o‘rnatdik. Haqiqiy tadbirkor yangi rejalar, ertaning tashvishi bilan yashaydi. Albatta, iste’mol bozoridagi talab va taklifga mos holda loyiha quvvatidan samarali foydalanish tadbirlarini ham ko‘ramiz. Korxona faoliyatini kengaytirish rejasiga ko‘ra, meva-sabzavot saqlash uchun 100 tonna sig‘imga ega sovutkich o‘rnatmoqchimiz. Buning uchun “Hamkorbank”ning viloyat filialidan 200 million so‘m kredit olishni mo‘ljallayapmiz. Keyinchalik meva-sabzavotni qayta ishlash sexi tashkil etish niyatimiz ham bor. Bu loyihalar o‘nlab yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi.
Ayni paytda korxonada kuniga 4 tonnagacha sut qayta ishlanmoqda. Qatiq, suzma, tvorog, pishloq, sariyog‘, brinza, qaymoq va shifobaxsh xususiyatga ega zardob mahsulotlari shartnoma asosida ta’lim muassasalari, savdo do‘konlariga yetkazib berilmoqda. Bu yerda mehnat qilayotgan 20 dan ortiq ishchining aksariyati xotin-qizlardir.
– Samarali mehnat qilish va mazmunli dam olishimiz uchun barcha sharoit mavjud, – deydi korxona ishchisi Rahima Qalandarova. – Uzoq qishloqlarda yashovchi ishchilar uchun maxsus transport ajratilgan.
O‘tgan yili korxona ishlab chiqarish hajmi 1,8 milliard so‘mni tashkil etdi. 10 ga yaqin fermer xo‘jaligi korxonani sut bilan ta’minlaydi. Shular qatorida “Islohot – 98” fermer xo‘jaligi ham bor. Xo‘jalikni korxona bilan bog‘laydigan alohida jihat shundaki, “Islohot – 98”ga kelini Nigora Murodova rahbarlik qiladi. Boshqacha aytganda, bir oilada ikki hamkor tadbirkor. Ilgari bunday holatlar bizga sal erish tuyulardi. Yo‘q, hammasi binoyidek, kelin opaga juda mos tushgan. Maqsadu maslagi bir bo‘lgan xonadonning rizqi butun bo‘ladi, deganlari shu bo‘lsa kerak.
Mamlakat Toshevaning xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati sifatidagi ijtimoiy faoliyati ham tahsinga sazovor. O‘tgan yili uning tavsiyasi bilan 10 ga yaqin yoshlar, jumladan, kasb-hunar kolleji bitiruvchilari ishga joylashdi.
Inson va uning manfaatlari ustuvor bo‘lgan mamlakatimizda fidokorona mehnat davlatimiz e’tiboridan chetda qolmaydi, munosib rag‘batlantiriladi, el-yurt orasida obro‘-e’tibor topadi. Mamlakat Tosheva ham Prezidentimiz farmoniga muvofiq, Vatanimiz mustaqilligining 24-yilligi arafasida “Shuhrat” medali bilan mukofotlandi.