Bir nuroniy — o‘n yoshga mas’ul
Jamiyat taraqqiyoti, avvalo, avlodlar o‘rtasidagi mustahkam rishtalarga, hayot tajribasi va ezgu qadriyatlarning yoshlar qalbiga singdirilishiga bog‘liq. Zero, keksalik — chetga chekinish emas, aksincha, yillar davomida orttirilgan bilim, tajriba va ibratni kelajak avlodga ulashishning eng mas’uliyatli davridir. Ayniqsa, bugun yosh avlod tarbiyasida nuroniylarning hayotiy tajribasi va oqilona maslahatlariga ehtiyoj tobora ortib bormoqda.
Ana shu ezgu maqsadlarni o‘zida mujassam etgan “Bir nuroniy — o‘n yoshga mas’ul” ko‘rik-tanlovining Buxoro viloyati bosqichi ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi. Unda viloyatning turli hududlaridan tashrif buyurgan faol nuroniylar, yoshlar, tegishli tashkilot va muassasalar vakillari ishtirok etishdi.
Ko‘rik-tanlovning mazmun-mohiyati oddiy musobaqadan ko‘ra ancha keng. Unda nuroniylarning shaxsiy namunasi, boy hayotiy tajribasi, ma’naviy dunyosi va yoshlar bilan ishlashdagi salohiyatini namoyon etish bilan bir qatorda, avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy rishtalarni mustahkamlash, yoshlarni ezgu maqsadlar sari yo‘naltirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirda nuroniylarning hayot yo‘li, kasbiy va insoniy tajribasi, bilim hamda ma’naviy merosi yosh avlod tarbiyasida beqiyos ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi. Ayniqsa, yoshlarni vatanparvarlik, el-yurtga sadoqat, mehnatsevarlik, mas’uliyat va milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda avlodlar hamjihatligi muhim o‘rin tutishi qayd etildi.
Darhaqiqat, yoshga nasihat qilish oson, ammo unga o‘z hayoting bilan namuna bo‘lish — katta mas’uliyat. Shu ma’noda, faol nuroniylar yoshlar uchun shunchaki maslahatgo‘y emas, balki hayot maktabining tajribali ustozlaridir. Ularning har bir so‘zi ortida yillar sinovidan o‘tgan tajriba, har bir nasihati zamirida esa bir umrning sabog‘i mujassam.
Ko‘rik-tanlov davomida ishtirokchilarning yoshlar bilan ishlash tajribasi, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi faoliyati, mahallalarda yoshlarni turli tashabbuslarga jalb etishi, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishi, shuningdek, hayotiy tajribasini yosh avlodga yetkazish borasidagi tashabbuslari atroflicha baholandi.
Bu jarayonda bir jihat ayniqsa e’tiborga molik bo‘ldi: nuroniylarning yoshlar hayotiga ta’siri faqatgina nasihat bilan cheklanmaydi. Ular yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish, odob-axloq, oilaviy qadriyatlar, mahallaga daxldorlik, jamiyat oldidagi mas’uliyat kabi tushunchalarni amaliy misollar orqali anglatishda ham katta kuchga ega.
Tanlov yakunida esa munosib ishtirokchilarning mehnati va faoliyati munosib e’tirof etildi.

Birinchi o‘rin Buxoro tumani “Qavola Mahmud” mahalla fuqarolar yig‘ini faol nuroniysi Hamida Jo‘rayevaga nasib etdi. Ikkinchi o‘rinni Qorako‘l tumani “Poykent” mahalla fuqarolar yig‘ini faol nuroniysi Gulbahor Qutliyeva egalladi. Uchinchi o‘rin esa G‘ijduvon tumani “Sho‘rcha” mahalla fuqarolar yig‘ini faol nuroniysi Gavhar Xolmurodovaga berildi.
G‘olib va faol ishtirokchilar sovg‘alar, tashakkurnomalar hamda diplomlar bilan taqdirlanishdi. Aslida, bu tanlovning eng katta mukofoti — egallangan o‘rin emas. Uning chinakam qadr-qimmati nuroniylarning o‘z tajribasi bilan yoshlar hayotiga kirib borishi, bir yoshning to‘g‘ri yo‘l tanlashiga sabab bo‘lishi, bir oilaga maslahat, bir mahallaga tashabbus, bir avlodga esa ibrat ulashishidadir.
Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul bo‘lsa, o‘sha o‘n yosh ertaga yuzlab tengdoshlariga ibrat bo‘lishi mumkin. Demak, bugun berilgan bir yaxshi maslahat, ko‘rsatilgan bir ezgu namuna, aytilgan bir samimiy so‘z ertangi kunning katta natijasiga aylanishi hech gap emas.
Avlodlar o‘rtasidagi bunday ma’naviy ko‘priklar qancha mustahkam bo‘lsa, jamiyatning kelajagi ham shuncha yorqin bo‘ladi. Chunki nuroniylarning xotirasi — tarix, tajribasi — maktab, duosi esa kelajak sari yo‘lga berilgan katta ma’naviy maddadir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri