“Bir nuroniy – o‘n yoshga mas’ul” tanlovi boshlandi
Chirchiq shahridagi “Kimyogarlar” madaniyat saroyida O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi tomonidan o‘tkazib kelinayotgan “Bir nuroniy – o‘n yoshga mas’ul” ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni “Nuroniy” jamg‘armasi respublika Boshqaruvi raisi, O‘zbekiston Qahramoni, senator Sodiqjon Turdiyev, Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev kirish so‘zi bilan ochdi.


So‘nggi yillar mamlakatimizda yoshi ulug‘larga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, keksa avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning salomatligini tiklash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil qilish, jamiyatimiz hayotida faol ishtirokini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Darhaqiqat, ko‘pni ko‘rgan nuroniy otaxon va onaxonlarning boy hayotiy tajribasi ertamiz egalari bo‘lmish yoshlarning ta’lim va tarbiyasi yo‘lida bugun har qachongidan zarurdir. Prezidentimizning 2023 yil 11 martdagi “Keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hamda 2022 yil 19 yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida“gi qaroriga asosan har yili “Bir nuroniy – o‘n yoshga mas’ul” ko‘rik-tanlovini o‘tkazish an’anaga aylanib bormoqda.


Asosiy maqsad esa mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, ajrim yoqasida turgan yosh oilalar o‘rtasida totuvlik va ahillik muhitini yaratishda munosib hissa qo‘shgan nuroniylarni aniqlash va ularni faolligini oshirishdir.
Ko‘tarinki kayfiyatda boshlangan ko‘rik-tanlovda barcha viloyat bosqichlarida g‘olib bo‘lgan faol nuroniylar uch shart bo‘yicha o‘z salohiyatlarini namoyon etdi. Tanlovning shartlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakili Marat Qo‘yshibayev, Andijon viloyati vakili Abdullajon O‘tanov, Buxoro viloyati vakili Feruza Rahmatova hamda Qashqadaryo viloyatining faol nuroniysi Muxtor ota Jo‘rayevning barcha shartlar bo‘yicha chiqishlari muxlislar olqishlariga sazovor bo‘ldi.


Namangan viloyati vakili Nasibaxon Haydarova va Samarqand viloyati vakili Saparboy Aliboyevning ishtiroki ham qiziqarli bo‘ldi. Umuman olganda, barcha qatnashchilar o‘zlariga berilgan vaqt davomida g‘oliblik uchun munosib bellashdi.
Ikki kun davom etadigan tadbirning keyingi qismlarida g‘oliblarni taqdirlash hamda nuroniylarni Bo‘stonliq tumanidagi oromgohlar bo‘ylab sayohat qildirish rejalashtirilgan.

A.Musayev, O‘zA