Bir murojaat izidan: maktab-internati yopiladimi?
Tahririyatimizga Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi 16-sonli sanatoriy tipida faoliyat yuritayotgan maktab-internatining bir guruh hamshiralari murojaat yo‘llagan. Unda maktab-internati yopilib, umumta’lim maktabiga aylantirilayotgani, hamshira va tarbiyachilar ishsiz qolishi mumkinligi ta’kidlagan.
Ushbu murojaatni joyiga borib o‘rganish maqsadida aytilgan manzilda bo‘ldik.
Ma’lum bo‘lishicha, 16-sonli sanatoriy tipidagi maktab-internati salkam 300 o‘ringa mo‘ljallangan. Bu yerda tayanch harakat tizimida nuqsoni bor, ya’ni skolioz kasaliga chalingan bolalar reabilitatsiya qilinib o‘qitiladi. Bemor o‘quvchilar maktabda yotib o‘qiydi. Buning uchun hamma sharoitlar yaratilgan va ta’lim bepul.
Skolioz – bu umurtqa pog‘onasining yon tomonga egilishi. Ushbu egrilik umurtqa pog‘onasining normal egri chizig‘idan tashqarida bo‘lishi mumkin. Skolioz odatda o‘smirlarda uchraydi, ammo har qanday yoshda paydo bo‘lishi ham mumkin.
Avvalo maktab-internati hamshiralarini tingladik.
– Muassasada 25 nafar hamshira ishlaydi. Bundan tashqari, tarbiyachilar, oshxona, kirxona xodimlari bor, – deydi Sarvinoz Ahmedova. – Bu yerda tayanch harakat funksiyasi ya’ni orqa umurtqa noto‘g‘ri o‘sib ketishidan qiynalayotgan bolalar keladi. Maktabning yopilishi mana shunday skolioz kasaliga chalingan bolalarning ko‘payib ketishiga sabab bo‘ladi. Bundan oddiy xalq qiynaladi. Davolanishga muhtoj o‘quvchilar ko‘p. Hamma ham bu yerda maktab borligini bilmaydi. Muammo shuki, sanatoriy tipidagi maktabni umumta’lim maktabiga aylantirishmoqchi. Shuncha hamshira, tarbiyachi, oshxona xodimlari ishsiz qolib ketadimi endi? Bizga ish ham taklif qilishmadi, ogohlantirish xati ham berishmadi. Shunchaki ketaveramizmi?
– O‘zim yolg‘iz onaman, 24 yildan buyon shu yerda ishlayman, – deydi Muhayyo Ergasheva. – Oyligimga ishonib, kreditga 20 yilga kam ta’minlangan oilalar uchun mo‘ljallangan uy-joy olganman. Qizim bu yil maktabni tugatib oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirdi. Boshqa joydan keladigan daromadim yo‘q. Ish joyimdan ajralib qolsam, keyin nima qilaman. Ogohlantirish xati keladi, keyin ketasizlar, oddiy maktabga aylantiriladi deyishdi. Ishxonamizning saqlab qolinishini istayman.
Internatning qaysi bir xodimi bilan gaplashmaylik ishdan ajralib qolishi ularning keyingi hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlaydi. Ular bilan suhbatlasharkanmiz, maktab-internat yopilishidan, bemor farzandining keyingi taqdiridan xavotirga tushgan ota-onalar ham keldi. Ularni ham suhbatga chorladik.
– O‘g‘lim tug‘ilgandan keyin ko‘krak qafasining ichkariga chuqur kirish holati kuzatildi, – deydi Muxtor Nizomov. – Operatsiya qilib ichkariga qattiq plastik qo‘yishdi. 4-5 yil toki ko‘krak qafasi yaxshi rivojlanib ketguncha shu holatda turishi kerak ekan. Ya’ni doimiy nazorat kerak. Og‘ir yuk ko‘tarishi, yugurishi, qaltis harakat qilishi mumkin emas. Uch yildan buyon shu maktabda o‘qiydi. Doktorlar juda yaxshi qarashadi. Bundan biz ham xotirjam edik. Ammo yopilishini eshitib, xafa bo‘ldik. Sog‘lom bolalar ichida o‘qiy olmaydi o‘g‘lim. Bolada, bir-biriga hazillashishi mumkin. Turtkilashi mumkin. Boshqa joyda davolatib o‘qitishga imkonimiz yo‘q. Maktab yopilmasa yaxshi bo‘lardi.
– Farzandim shu yerda yotib o‘qiydi, – deydi Fazilat Jo‘rayeva. – Surishtirib topib shu yerga joylashtirgan edim. Ikki marta operatsiya bo‘lgan. Doimiy nazoratda bo‘lib, massaj, parafin muntazam olishi shart. Hozir 3-sinfda o‘qiydi. Bolam shu yerda qolishini istayman. Ularni yolg‘iz o‘stiryapman. Qo‘shimcha davolatishga imkonim yetmaydi.
Bu kabi ota-onalar ko‘p. Ular ham farzandining shu yerda o‘qib davolanishini xohlaydi.
Xo‘sh, shunchalik maktab-internatga ehtiyoj katta ekan, skolioz kasaliga chalingan bolalar soni ko‘p ekan, nega uni yopilishiga qaror qilindi?
Hamshiralarning ta’kidlashicha, respublikadan joriy yil boshida ishchi guruh kelib internatda tekshiruv o‘tkazgan va uning natijasiga ko‘ra, internatda ta’lim olib davolanayotgan o‘quvchilarning ko‘pchiligi sog‘lom chiqqan. Shunga ko‘ra, yopish qaroriga kelishgan, deya ta’kidlaydi hamshiralar.
Agar haqiqatda tekshiruv xulosalariga ko‘ra, ko‘pchilik o‘quvchilar sog‘lom bo‘lib chiqqan bo‘lsa, ularni qabul qilishda bunga e’tibor qilinmaganmi? Agar haqiqatda yopilsa, unda internatda ishlovchi tibbiy xodimlarning taqdiri nima bo‘ladi? Surishtiruvni olib borgan sayin bir-biridan chalkash savollar tug‘ila boshladi.
Dastlab, maktab-internati rahbaridan izoh so‘ramoqchi bo‘ldik. Boshida qo‘ng‘iroqlarimiz javobsiz qoldi. Biz rahbar kelishini sabr bilan kutdik va suhbatlashdik.
– 2023-2024 o‘quv yilini 269 nafar o‘quvchi bilan yakunlaganmiz, – deydi maktab-internati direktori Dilorom Muxtorova. – Shundan 153 nafari qolgan. Qolganiga o‘z hududidagi maktablarga sog‘lomlashgani uchun javob berilgan. Jami 131 nafar xodimimiz bor. Shundan 39 nafari tibbiyot xodimi. Qolganlari pedagog va texnik xodimlar. Bu yerdagi o‘quvchilarning barchasi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi va tegishli tashkilotlar hamkorligida tuzilgan tibbiy komissiya xulosasiga asosan qabul qilingan. Ular uch yil davomida o‘qiydi va davolanadi. O‘quvchilarning asosiy qismi 1-2-darajali skolioz kasaliga chalingan. Massaj, parafin va boshqa muolajalarni olgan va sog‘lomlashgan. Og‘ir darajadagi 2 nafar o‘quvchimiz bor. Barchasi komissiyaning xulosasi va bosh ortoped shifokorning yo‘llanmasi bilan kelgan. Maktabimiz viloyat bo‘yicha xizmat ko‘rsatadi. Tibbiy xodimlar masalasiga kelsak, hali ularni bo‘shatish haqida aniq ko‘rsatma kelgani yo‘q. 153 nafar bolaga javob berilsin, degan ko‘rsatma ham yo‘q. Tibbiy muolajalari qilinadi. Inklyuziv ta’lim loyihasi ilgari surilmoqda. Sog‘lom bolalar bilan aralashib o‘qishi yaxshi samara beradi, deb o‘ylayman.
Surishtiruvni davom ettirar ekanmiz viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi vakillari ham yetib keldi. Yuqoridagi savollar bilan ularga ham murojaat qildik.
– Prezidentimizning 2023 yil 1 iyundagi 82-sonli farmonlari bor. O‘sha farmonga muvofiq 2024 yil 1 avgustdan boshlab maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga qarashli bo‘lgan alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashgan maktab internatlari, sanatoriy tipidagi maktablar ijtimoiy himoya milliy agentligiga o‘tkazilishi belgilangan, – deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Farid Bozorov. – Aynan mana shu farmonning ijrosini ta’minlash maqsadida maxsus ishchi guruh tuzilgan va respublika bo‘ylab 22 ta sanatoriy tipidagi maktab internatlari faoliyati o‘rganilyapti. Ulardagi bolalarning sog‘ligi, yashashiga, ta’lim olishiga yaratilgan sharoitlar o‘rganilmoqda. O‘rganish jarayonida o‘sha maktablarda 5 ming 120 nafardan ortiqroq o‘quvchi borligi aniqlangan. Shundan o‘sha ishchi guruh tomonidan respublika bo‘yicha 4 ming 947 nafar bola o‘rganilyapti. O‘rganish jarayonida bolalarning 4 ming 778 tasi yoki 96,6 foizida tayanch harakati va nafas yo‘llari tizimida og‘ir nuqsonlari mavjud, emas deb topilgan. Ushbu o‘quvchilar umumta’lim maktablarida ta’limni davom ettirishi mumkinligi tavsiya qilingan. Shu nuqtai nazardan kelib chiqib Shahrisabz tumanidagi 16-sanatoriy tipidagi maktab internati ham umumiy o‘rta ta’lim maktabi sifatida faoliyatini davom ettirishga tavsiya etilgan.
Xo‘sh, unda bu yerda davolanib o‘qib turgan o‘quvchilarning keyingi taqdiri qanday kechadi?
– Vazirligimiz tomonidan maxsus buyruq ishlab chiqilyapti. Albatta unda umumta’lim maktabiga aylantirish jarayonida sog‘ligida nuqsoni bor o‘quvchilar bilan qilinadigan ayrim ishlar inobatga olinmoqda. Kuni uzaytirilgan sinflar, inklyuziv sinflar tashkil etiladi, deb belgilab ketilyapti. Bu tavsiyaviy xarakterdagi hujjat albatta. Vazirlik tomonidan necha nafar bola kuni uzaytirilgan sinflarda qoladi, necha nafari inklyuziv sinflarga qamrab olinadi, bu albatta inobatga olinadi. Xodimlar masalasiga keladigan bo‘lsak, hozircha ular bo‘yicha biror to‘xtamga kelingani yo‘q. Hali ish faoliyatini davom ettirib turishadi. Ishdan ajralish haqida hech qanday ko‘rsatma yoki topshiriq ham berilmagan. Agar maktabning tashkiliy-huquqiy shakli o‘zgaradigan bo‘lsa, ularga qonunchilikda belgilangan tartibda, mehnat kodeksidan chiqmagan holatda xatti-harakatlar amalga oshiriladi va mehnat shartnomalari bekor qilinadigan bo‘lsa, bandligini ta’minlash bo‘yicha barcha tegishli chora-tadbirlar ko‘riladi. Bunda tuman hokimligi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari bizga yordamchi hisoblanadi. Xullas xodimlar o‘z holiga tashlab qo‘yilmaydi.
[gallery-18387]
Surishtiruv jarayonida anglashildiki, maktab-internatida ta’lim olib kelayotgan o‘quvchilarning orasida sog‘lomlari ham bo‘lgani rost, lekin skolioz kasaliga chalingan o‘quvchilar ham ko‘p. Ularni shunchaki sog‘lom bolalarga aralashtirib o‘qitish qanchalik to‘g‘ri bo‘ladi, bu haqida bir narsa deyish qiyin. Nega internatga sog‘lom o‘quvchilar qabul qilingani haqidagi savolimiz ochiq qoldi. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasidan ham bu savolga tayinli javob ololmadik. Bundan tashqari, internatda uzoq yillardan buyon faoliyat yuritib kelayotgan tibbiy xodimlarning ham xavotiri o‘rinli. Chunki maktab faoliyatini o‘zgartiradigan bo‘lsa, 40 nafarga yaqin tibbiyot xodimi katta ehtimol bilan ishsiz qoladi. O‘ylaymizki, mas’ullar 16-sonli sanatoriy tipidagi maktab-internati masalasini yana bir bor o‘ylab ko‘radi, xodimlar va bemor o‘quvchilar holati inobatga olinadi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri