Bir murakkab amaliyot — katta imkoniyatlar ifodasi
Zamonaviy tibbiyotning imkoniyatlari inson hayoti uchun eng murakkab va mas’uliyatli vaziyatlarda namoyon bo‘ladi. Ilgari katta jarrohlik aralashuvini talab qilgan ayrim holatlar bugun mini-invaziv texnologiyalar orqali bemorga nisbatan kam jarohat yetkazgan holda samarali davolash imkonini bermoqda. Buxoro viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida amalga oshirilgan navbatdagi murakkab amaliyot ham ana shunday yuksak tibbiy salohiyatning amaliy ifodasidir.
Vena kava filtri — qon oqimi bilan siljib, o‘pka tomirlariga tushishi mumkin bo‘lgan tromblarni ushlab qolishga xizmat qiladigan maxsus tibbiy moslama. Shu bois uni o‘rnatish ayrim klinik holatlarda hayot uchun xavfli asoratlarning oldini olishga qaratilgan muhim davolash choralaridan biri hisoblanadi.

E’tiborlisi, mazkur amaliyotning mini-invaziv usulda bajarilishi bemor uchun jarrohlik aralashuvining nisbatan yengil kechishi, tiklanish jarayonining qulayroq tashkil etilishi va davolash samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Bu oddiy bir tibbiy muolaja emas. Uning zamirida zamonaviy tibbiy uskunalar, yillar davomida shakllangan kasbiy tajriba, jamoaviy yondashuv va eng muhimi — inson hayotini asrab qolishdek ulug‘ maqsad mujassam.

Bugun O‘zbekistonda tibbiyot sohasini zamonaviy bosqichga olib chiqish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, yuqori texnologiyali operatsiyalarni hududlarning o‘zida bajarish imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri ham tibbiy muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy diagnostika va davolash usullarini amaliyotga keng joriy etish, malakali kadrlar salohiyatini oshirishdan iborat. Bu jarayonlarning natijasi nafaqat poytaxtdagi yirik tibbiyot muassasalarida, balki viloyatlarda ham tobora yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Buxoro viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida bajarilayotgan murakkab va yuqori texnologik amaliyotlar ham ana shu ezgu maqsadning hayotdagi ifodasidir. Endilikda bemorlarning ayrim murakkab kasalliklar bo‘yicha davolanish uchun uzoq hududlarga borish ehtiyoji kamayib, zarur tibbiy yordamni o‘z viloyatida olish imkoniyatlari kengaymoqda.
Tibbiyotda har bir operatsiya — alohida tarix. Har bir bemor esa shifokor uchun oddiy statistik ko‘rsatkich emas, balki ishonch bildirgan inson taqdiridir. Ayniqsa, keksa yoshdagi bemorda murakkab jarrohlik amaliyotini bajarish shifokorlardan yanada katta mas’uliyat va ehtiyotkorlikni talab etadi. Shu ma’noda mazkur amaliyot nafaqat tibbiy texnologiyaning imkoniyatini, balki mutaxassislarning kasbiy mahoratini ham namoyon etdi.

Zamonaviy tibbiyotning eng katta yutug‘i ham shunda — inson hayoti uchun kurashda vaqtni boy bermaslik, xavfni oldindan ko‘ra bilish va ilmiy-texnologik imkoniyatlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish.
Bugungi shifoxona — bu faqat bemor davolanadigan maskan emas. U yerda ilm, tajriba, texnologiya va insonparvarlik bir nuqtada birlashadi.
Buxoro viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida amalga oshirilgan mazkur murakkab mini-invaziv amaliyot ham ana shu haqiqatni yana bir bor tasdiqladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri