“Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili –amalda
Respublika ishchi guruhi a’zolari Jizzax viloyatining Forish tumanidagi mahallalar yig‘inlaridagi aholi xonadonlarida bo‘lib, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishmoqda.
Jumladan, guruh a’zolari shu kungacha tumandagi “Do‘stlik”, Musoqul Orolov hamda Oybek nomidagi, “Uchquloch” va “Narvon” mahalla fuqarolar yig‘inlarida yashovchi aholi xonadonlarida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bajarilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi.

Mahallalarda Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani “Ittifoq” hamda Namangan viloyati Uychi tumani “Qumtepa” MFYlari tajribasi misolida “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida aholi daromadlarini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning holati o‘rganildi.

Mahallalarda, xonadonlar tomorqalarida, mahalladagi tibbiyot poliklinikasida mevali va manzarali ko‘chatlar ekilib, ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilayotganligi yuqori baholandi.
Ishchi guruhi, a’zolari shuningdek, tumandagi Oybek nomidagi MFYda bo‘lib, aholi tomorqasidan samarali foydalanib, ko‘proq daromad olish, ko‘chat ekish, bog‘ yaratish to‘g‘risida targ‘ibot ishlari olib bordi.

“Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyilini amalga oshirish maqsadida tumanning boshqa hududlarida ham tomorqalardan unumli foydalanish, ko‘proq daromad olish bo‘yicha tushuntirish ishlari o‘tkazilmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari