Bir jumlaga bog‘liq janjal: Mask Germaniya OAVga qarshi chiqdi
Amerikalik tadbirkor Ilon Mask va Germaniyaning yirik jamoat telekanali ZDF o‘rtasidagi kelishmovchilik mamlakatda ommaviy axborot vositalari faoliyati yuzasidan yangi muhokamani boshlab berdi. Gap Belfast shahrida muhojirlarga qarshi ko‘tarilgan namoyish haqidagi ko‘rsatuvda aytilgan bir jumlaga taqaladi. Efirda Maskning ijtimoiy tarmoq orqali chiqishi namoyishni rag‘batlantirgani haqida fikr bildirilgan. Tadbirkor bu bayonotni haqiqatga zid, deb baholab, vaziyatga huquqiy baho berilishi zarurligini ma’lum qildi.
Oradan ko‘p o‘tmay, ZDF bahsli jumlani dasturning internetdagi nusxasidan olib tashladi. Shu bilan birga mazkur ifoda noaniq talqin qilinishi mumkinligini tan oldi va tomoshabinlar uchun izoh qoldirdi. Ayni qaror voqea yanada keng muhokama qilinishiga sabab bo‘ldi. Zero, gap oddiy texnik tuzatishda emas, balki jurnalist bahosida ekanligi haqida ketmoqda.
Mavzu tez orada siyosiy maydonga ham ko‘chdi. Germaniyadagi o‘ng qanot siyosiy kuchlar ZDF qarorini Maskning haqligi dalolati sifatida baholadi. Ayrim jurnalistlar va siyosiy sharhlovchilar esa aksincha ta’siri kuchli shaxslarning ijtimoiy tarmoqdagi chiqishi jamoatchilik kayfiyatiga ta’sir ko‘rsatishini eslatdi. Natijada bahs bir teleko‘rsatuv doirasidan chiqib, axborot tarqatish mas’uliyati masalasiga aylandi.
Kuzatuvchilar fikricha, bu voqea raqamli platforma va an’anaviy OAV o‘rtasidagi munosabat qanday o‘zgarayotganini yana bir bor namoyon qildi. Bugun birgina post millionlab odamga yetib boradi. Shu bois har bir so‘z talqini alohida ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, jurnalistik materialda qo‘llanadigan ibora ham jiddiy e’tirozga sabab bo‘lishi mumkin. Ilon Mask va ZDF atrofidagi holat ayni murakkab muvozanat nechog‘li dolzarbligini ko‘rsatdi.
Musulmon Ziyo, O‘zA