“Bir ishq bo‘lsa”...
Yurtimizda san’at va madaniyat ravnaqiga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Davlatimiz rahbari adabiyot va san’at, madaniyatni rivojlantirish – xalqimiz ma’naviy olamini yuksaltirishning mustahkam poydevori ekanini doim e’tirof etadi. Ushbu g‘oya so‘nggi yillarda mamlakatimizda san’at va madaniyatni rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilgan islohotlarimizga asos bo‘ldi.
Mustaqilligimizning 34 yillik bayrami arafasida kompozitor Oydin Abdullayevaning “Bir ishq bo‘lsa” nomli musiqiy asarlar to‘plami chop etildi. «ILM-ZIYO-ZAKOVAT» nashriyotida chop etilgan to‘plam ijodkorning eng sara qo‘shiq va romanslarini o‘z ichiga oladi. Asarlar Vatan, ishq, hayotga bo‘lgan muhabbat mavzularini o‘zida ifoda etadi.

Kompozitor Oydin Abdullayeva o‘zining ijodiy faoliyati davomida talaygina qo‘shiqlar yaratdi. Uning ijodiy merosi ikki yuzdan ortiq yakkaxon qo‘shiq va romanslarni o‘z ichiga oladi. Ularning bir qanchasi teleserial va musiqali dramalar uchun yaratilgan asarlar bo‘lib, ushbu namunalar inson hayotiga hamroh bo‘lgan falsafiy-estetik manzaralar va qalb kechinmalarini aks ettiradi.
O.Abdullayeva go‘zallikning har qanday ko‘rinishi, xoh u tabiat yoki inson bo‘lsin, uni juda nozik va ko‘p tomonlama his etadi. She’riy matnlarda u o‘zining qalbini band etgan fikrlar va his-tuyg‘ularning aks-sadosini izlaydi. U she’rning musiqiyligi, ifodaning samimiyligi, tuyg‘ularning yuksak estetik bayoniga alohida e’tibor beradi. Shu bois ham ijodkor har bir she’riy matnga sinchkovlik bilan qaraydi.
Kompozitorning qo‘shiqlarida vokal ohang yetakchi o‘rinni egallaydi. Uning ijodida she’riyat va musiqaning sinteziga nisbatan romantik munosabat aks etadi. Bunda so‘z va musiqa bir butun yaxlitlikka aylanib, odamzotga xos iztiroblarning haqqoniy ifodasini yuzaga keltiradi.
O.Abdullayeva o‘zining vokal asarlarida tilning mukammal yangrashi, uning fonetik qiyofasi barqaror aks etishiga intiladi. Zero, har bir til xalqning tafakkuri, madaniyati va tarixining ko‘zgusidir. Til milliy o‘ziga xoslikni, olamni idrok etish usullarini va asrlar davomida shakllangan qadriyatlarni o‘z ichiga oladi. Binobarin, vokal asarning yuqori saviyada yaratilishi undagi she’riy matnga nisbatan amalga oshirilgan musiqiy-kompozitsion harakatlarning yuqori saviyada bajarilgani bilan xarakterlanadi.
Kompozitorning ilk yaratgan qo‘shig‘idan tortib, to hozirgi kungacha bastalagan kompozitsiyalarini tinglaganda, uning shu sohada taraqqiy etgan betakror ijodiy yo‘lini ko‘rish mumkin. O.Abdullayeva, avvalambor, o‘zbek xalqi musiqasini chuqur anglagan ijodkor sifatida ayrim janrlarini yaxshi bilishi, ikkinchidan, G‘arb klassik vokal shakllarini puxta ishlata olishi, uchinchidan esa zamonaviy estrada kompozitsiyalarini tinglovchiga munosib tarzda havola eta olishi ijodkorning mazkur jabha oqimida erkin suzishini ta’minlaydi. Kompozitorning oxirgi yillarda yozilgan ayrim kompozitsiyalari o‘zida ham ashula, ham romans shakllarining mohirlik bilan ishlangan qorishmasini ifoda etadi. Bu esa shakl va janrlar bilan bemalol ishlay oladigan ijodkorning boy tajriba laboratoriyasi, o‘ziga nisbatan talabchanligi va albatta, nozik did-farosatidan darak beradi.
Musiqa san’ati insoniyatning o‘zini namoyon qilish vositasi bo‘lib, insonning ma’naviy dunyoqarashi hamda axloqiy fazilatlarini shakllantirishga qodir. Shunday ekan, O.Abdullayeva vokal ijodiyotda o‘z qalbini junbushga keltirgan hayotiy obrazlar, ma’naviy ta’sirlar, ruhiy holatlarni aks ettiribgina qolmay, balki uni o‘rab turgan jamiyatning ongida ham ma’naviy yuksalish tomon qilinayotgan harakatlarning amalga oshishiga turki beradi.
To‘plamdan joy olgan vokal asarlar akademik hamda estrada xonandaligi bilan qiziquvchi barcha yoshdagi kitobxonlar va san’at ixlosmandlari uchun foydali bo‘lishi mumkin. Asarlar fortepiano jo‘rligida ijro etish uchun mo‘ljallangan. Qo‘shiqlarning audio variantini to‘plamning ilova qismida QR-kod orqali tinglash imkoniyati ham mavjud.
Muhtarama Komilova,
O‘zA