Bir institutdan 35 talaba mamlakat chempionatiga yo‘l oldi
Namangan muhandislik-texnologiya institutida nafaqat ta’lim sifatiga, balki talaba-yoshlarni muntazam ravishda jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishlariga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Oliy o‘quv yurtining jismoniy tarbiya va sport bo‘limi boshlig‘i, dotsent, murabbiy Ulug‘bek Qo‘chqorov qo‘l ostida yuzlab talaba yoshlar darsdan keyingi paytda sportning sharqona yakkakurash turlari sir-asrorlarini o‘rganmoqda. So‘nggi yillarda birgina, muay-tay turining o‘zidan 14 nafar sport ustasi yetishib chiqdi. Shuningdek, 2 nafar jahon, 4 nafar Osiyo, 50 dan ortiq O‘zbekiston chempionlari tarbiyalandi. Talabalar orasida 122 nafardan ziyod mamlakat chempionati sovrindorlari ham bor.

Institutning 35 nafar talabasi kuni kecha yakuniga yetgan muay-tay bo‘yicha Namangan viloyati birinchiligida g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy olib, O‘zbekiston chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Endi ular joriy yilning 24-29 mart kunlari Namanganda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston chempionatida viloyat sharafini himoya qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA