Bir guruh kasb fidoyilari taqdirlandi
Bugun “Hududiy elektr tarmoqlari” AJda iste’molchilarga barqaror elektr energiyasi yetkazib berishdek mas’uliyatli vazifani mashaqqat bilan ado etayotgan bir guruh kasb fidoyilarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Soha xodimlari, faxriy energetiklar va markaziy apparat xodimlari ishtirok etgan tadbirda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi Asrorjon Asqarov yig‘ilganlarni samimiy qutlar ekan, bugungi kunda tizimda amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtaldi. Iste’molchilar ehtiyojini qondirish, bu jarayonda jamoaning ushbu talablarga mos ravishda mehnat qilishi zarurligini qayd etdi.
Taqdirlash marosimida ta’kidlanganidek, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va uning tarkibiy korxonalarida 27 ming nafardan ortiq ishchi-xodim iste’molchilarni elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlash maqsadida tunu kun faoliyat yuritmoqda.

Jamiyat tomonidan joriy yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, xususan, respublikamiz bo‘ylab past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangilash hamda modernizatsiya qilish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi. Olib borilgan bunday amaliy harakatlar natijasida joylarda elektr energiyasini yetkazib berish sifati birmuncha yaxshilandi.

Ayniqsa, hozirgi qish oylarida tizimda 24 soatlik ish rejimiga o‘tilgani, Tezkor dispetcherlik shtabi faoliyati, aholi murojaatlarini tunu kun qabul qilish hamda tezkor hal etish bo‘yicha tizimli ishlar bajarilayotgani xalqimiz turmush farovonligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Tadbir so‘ngida o‘z mehnati va jonkuyarligi bilan boshqalarga o‘rnak bo‘layotgan xodimlarga “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning tashakkurnomalari topshirildi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA