Bir daryo, ming taqdir: obihayot posboni bo‘lgan ayollar
Bugun global iqlim o‘zgarishi, havo haroratining ko‘tarilishi va transchegaraviy suv resurslarining kamayishi insoniyat oldidagi eng dolzarb muammolardan biriga aylangan. Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston suv xo‘jaligi ham yangi sharoit va talablar asosida isloh qilinmoqda. Sohada xotin-qizlarning mavqeini mustahkamlash maqsadida 2025-2030-yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston suv xo‘jaligida gender tenglik konsepsiyasi qabul qilindi.
Yangi Suv kodeksi va davlat dasturlarida suv resurslarini mahalliy darajada boshqarishda ayollarning inklyuziv ishtirokiga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Suvchilik - mashaqqatli kasb. Bugun Suv xo‘jaligi vazirligi tizimida mehnat qilayotgan mutaxassis-xodimlarning qariyb 7 foizini, ya’ni 2 200 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi. Ularning 30 nafari rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritmoqda. Sohadagi islohotlarning samaradorligida ayollarning tashabbuskorligi, salohiyati va faol ishtiroki muhim ahamiyat kasb etadi.
Buxoro viloyatining Qorako‘l va Olot tumanlari tabiiy-iqlim sharoiti murakkab hududlar hisoblanadi. Yozda havo harorati +45-+50 darajagacha ko‘tariladi, cho‘l shamollari esadi. Tuproqning sho‘rlanish darajasi esa juda yuqori. Shu bois bu yerda qishloq xo‘jaligida suvdan tejamkor va ilmiy asosda foydalanish hayotiy zarurat.
Qizilqum sahrosining qaynoq bag‘ri va Amudaryoning quyi oqimi tutashgan bu hududlarda hayot, dehqonchilik va obodlik suvga chambarchas bog‘liq. Ana shunday sharoitda gidrometriya va suv nazorati yo‘nalishida mehnat qilayotgan ayollarning o‘rni alohida. Ularning kasbiga sadoqati va mas’uliyati cho‘l bag‘rida yashillikni saqlashga xizmat qilmoqda.
Bu yerda suv taqsimotidagi kichik bir xatolikning o‘zi yuzlab gektar maydondagi ekinlarning nobud bo‘lishi, yer osti suvlarining ko‘tarilishi yoki tuproqning sho‘rlanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun suvni boshqarish, uning sarfini aniq o‘lchash va isrofgarchilikning oldini olish muhim vazifa hisoblanadi.
Gidrometriya xizmatidagi har bir o‘lchov va hisob-kitob ana shu mas’uliyatning bir qismi. Yozning jazirama issig‘ida, garmsel ostida yoki qishning qahraton izg‘irinida suv bo‘yida turib ishlash esa chinakam fidoyilik va matonatni talab qiladi.
Ko‘pchilik gidrometriya kasbini erkaklarga xos deb o‘ylashi mumkin. Ammo Qorako‘l va Olotda suv yo‘llari, gidroinshootlar va boshqaruv pultlarida mehnat qilayotgan ayollar bu tasavvurni o‘z mehnati bilan inkor etmoqda. Ular ob-havo sharoitidan qat’i nazar, kanal va ariqlarda suvning oqish tezligi hamda hajmini maxsus uskunalar yordamida muntazam o‘lchaydi. Fermer xo‘jaliklari va aholiga belgilangan limit asosida suv yetkazib berilishini nazorat qilib, uning o‘zboshimchalik bilan to‘silishi yoki isrof qilinishiga yo‘l qo‘ymaydi.
So‘nggi yillarda sohaga “Aqlli suv” (Smart Water) tizimlari va raqamli suv o‘lchash qurilmalari ham keng joriy etilmoqda. Ayol mutaxassislar kompyuterlashtirilgan va onlayn nazorat tizimlarini boshqarishda ham munosib natijalar ko‘rsatmoqda.
Olot tumani suv xo‘jaligi tizimida chorak asrdan buyon gidrometriya sohasida mehnat qilib kelayotgan “Suv yetkazib berish xizmati” DM gidrometri Nasiba Avezova bilan suhbatlashdik. Opa suvga bo‘lgan munosabati va bu qadriyatni farzandlariga singdirish haqida to‘lqinlanib gapirdi.
– Bilasizmi, suvchilik bu shunchaki kasb yoki oylik maosh uchun qilinadigan ish emas. Ayniqsa, biz kabi cho‘l bilan yuzma-yuz yashaydigan Olot ahli uchun suv hayot-mamot masalasidir. Ayol kishi tabiatan tejamkor bo‘ladi. Men har gal dalaga chiqqanimda, suvning behuda oqib yotganini, kanaldan oqib o‘tayotgan suvning isrof bo‘layotganini ko‘rsam, yuragim achishadi. To‘g‘risi, xuddi o‘z uyimdagi rizq-ro‘zimiz oyoq osti bo‘layotgandek kuyunaman.
Men bu hissiyotni faqat ishda emas, uyda ham oilamga, farzandlarim va nevaralarimga singdirishga harakat qilaman. Bolalarimga kichikligidan jo‘mrakni ochiq qoldirmaslikni, idish yuvganda ham suvni tejashni, ariqlarga chiqindi tashlamaslik kerakligini uqtirib kelaman. Agar ona uyda suvni isrof qilsa, farzand ham kelajakda beparvo bo‘ladi. Suvga bo‘lgan ehtirom, avvalo, ona tarbiyasi orqali oilada shakllanishi kerak. Bugun farzandiga suvni asrashni o‘rgatgan ona aslida butun bir kelajakni asragan bo‘ladi, – deya ta’kidlaydi u.
Nasiba opaning so‘zlari suvchi ayollarning nafaqat soha xodimi, balki oila va jamiyatda suv madaniyatini shakllantiruvchi tarbiya maktabi ekanini ko‘rsatadi.
Texnologiyalar asrida suv xo‘jaligi ham yangilanmoqda. Qorako‘l tumani irrigatsiya tizimlarida zamonaviy raqamli texnologiyalarni puxta o‘zlashtirib, yoshlarga namuna bo‘layotgan mutaxassis Gulhayo Bozorova esa yangi davr suvchisining qiyofasini namoyon etadi.
–Bugun biz mutlaqo yangi davrda yashayapmiz. Qorako‘l tumanidagi deyarli barcha yirik suv inshootlari va taqsimlash nuqtalariga zamonaviy raqamli smart-hisoblagichlar o‘rnatilgan. Hozir suv sarfi va oqim tezligini maxsus dasturlar orqali onlayn nazorat qilish imkoni yaratilmoqda. Bu shaffoflik va aniqlikni ta’minlaydi. Biroq texnika qanchalik rivojlanmasin, insonda, ayniqsa, ayol qalbida suvga nisbatan yuksak mas’uliyat bo‘lmasa, faqat raqamlar bilan natijaga erishib bo‘lmaydi.
Iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligi sharoitida bizning kundalik mehnatimiz aslida ertangi avlod taqdiri uchun kurashdir. Biz bugun suvni qanchalik to‘g‘ri taqsimlasak, yerlarning botqoqlanishi va sho‘rlanishini shunchalik kamaytiramiz. Biz kelajak vorislari oldida qarzdormiz. Bugun suvning har bir tomchisini tejasak, farzandlarimiz kelajakda suvsizlik va ekologik inqirozlardan aziyat chekmaydi. Raqamli nazorat va ayol qalbidagi mas’uliyat birlashsa, biz bu inqirozlarni albatta yengib o‘tamiz, –dedi suhbat davomida G. Bozorova.
Suv nazoratchisi bo‘lgan ayollarning faoliyatida yana bir muhim jihat bor. Ular yosh avlod ongida suvga nisbatan hurmat va ehtiyotkorlikni shakllantirishga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Xalqimizda “Suvga tupurma, suv aziz”, “Suv ketgan yerdan baraka ketar” kabi maqollarning mavjudligi ham bejiz emas.
Qorako‘l va Olotlik suvchilar yosh avlodga suvning oddiy jo‘mrakdan oqib keladigan ne’mat emasligini, uning ortida qanchadan qancha suv inshootlari, nasos stansiyalari va inson mehnati borligini tushuntirib kelmoqda. Maktab va bog‘chalardagi ochiq darslar, mahallalardagi targ‘ibot tadbirlarida ularning hayotiy tajribasi yoshlarda ekologik madaniyatni yuksaltirishga xizmat qilmoqda.Zero, bugun tejalgan bir tomchi suv ertaga kelajak avlod ichadigan sof obihayotdir.
Buxoro viloyatining Qorako‘l va Olot tumanlarida mehnat qilayotgan gidrometr ayollarning faoliyati suvni o‘lchash va nazorat qilish bilangina cheklanmaydi. Ularning mehnatida kasbga sadoqat, tabiatga ehtiyotkorlik, oilaviy tarbiya va kelajak avlod oldidagi mas’uliyat mujassam.
Iqlim o‘zgarishi davrida suvni asrash Vatanni va kelajakni asrash bilan barobardir. Sahro bag‘rida obihayotni asrab, uni kelajak avlodga bezavol yetkazish yo‘lida mehnat qilayotgan ana shunday fidoyi ayollar bor ekan, ezgu maqsadlarimizga ishonchimiz yanada ortadi.
Malika Ikromova,
texnika fanlari doktori, professor.