“Bir-birini tiyib turish” mexanizmi Toshkentdan boshlanadi
Mahalliy Kengash deputati sifatida yangilanayotgan Konstitutsiyaga hokimlarning xalq deputatlari Kengashiga raislik qilishi mumkin emasligi, endi bu vazifani deputatlar orasidan saylanadigan vakil bajarishi haqida kiritilayotgan normani qo‘llab-quvvatlayman.
Ushbu qoida Toshkent shahri va viloyatlarda 2024 yildan, tuman va shaharlarda esa 2026 yil 1 yanvardan boshlab qo‘llanilishi belgilanyapti.
Ta’kidlash lozim, uzoq yillardan buyon keng jamoatchilik muhokama markazida bo‘lib kelgan masalaning nihoyat hal qilinishi O‘zbekiston haqiqiy ma’noda o‘zgarishlarga yuz tutgani, yurtimizda inson qadri ulug‘lanayotganining isbotidir.
To‘g‘ri-da, mahalliy Kengashga hokim rahbarlik qilsa-yu, yana o‘ziga-o‘zi hisobot berishi qaysi mantiqqa to‘g‘ri keladi? O‘zi chiqargan qarorlarni mahalliy Kengash raisi sifatida o‘zi tasdiqlashi qanchalik adolatli? Bu ba’zan noqonuniy qarorlarning qabul qilinishiga sabab bo‘layotganidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Oliy sud ma’lumotiga ko‘ra, birgina 2022 yilning 9 oyida hokimlarning 1 339 ta qarori sudlar tomonidan haqiqiy emas, deb topilgan.
Bu muhim o‘zgartish qanday natijalarni beradi? Birinchidan, ijro va vakillik organlari o‘rtasida “bir-birini tiyib turish” mexanizmi ishlaydi. Ikkinchidan, demokratiyaning muhim talabi – hokimiyatlarning bo‘linish prinsipi ijrosi ta’minlanadi. Hokimlar ustidan deputatlik hamda jamoatchilik nazorati kuchayadi va bu saylovchilarning xalq vakillariga nisbatan ishonchi ortishiga xizmat qiladi.
Eng asosiysi, xalq manfaati yo‘lida qabul qilinayotgan qaror va davlat dasturlarining ijrosi nazorati yanada kuchaytiriladi. Islohotlar eng chekka hududlarga ham birdek yetib boradi.
Quvonarli tomoni, partiyamizning saylovoldi dasturida ham ushbu amaliyotni bekor qilish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Agar yangilanayotgan Konstitutsiya 30 aprel kuni xalqimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlansa, partiyamizning yana bir taklifi Bosh qonun darajasida o‘z tasdig‘ini topgan bo‘ladi.
Jahongir Ziyayev,
"Milliy tiklanish" demokratik partiyasi deputati