Bir asrlik orzu amalga oshdi (+video)
O‘zbekiston madaniyati va san’atini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan ko‘hna va boqiy Buxoroga ilmiy ekspeditsiya tashkil etildi.
Toshkentda o‘tkazilgan “Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik” mavzusidagi xalqaro ilmiy anjuman ishtirokchilari uchun tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston, AQSH, Turkiya va Qozog‘istondan jadidchilik bo‘yicha olim va mutaxassislar ishtirok etdi.
Tadbirlar dasturi ochiq ilmiy munozarani o‘z ichiga oldi. Moderator sifatida Michigan universiteti professori Timur Xojao‘g‘li bo‘ldi. Jamg‘arma tashabbusi bilan Buxoroda birinchi jadidlar merosi muzeyini tashkil etish bo‘yicha ilmiy masalalar muhokama qilindi. Muzey Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayevning 1860-1870 yillarda qurilgan uyida tashkil etiladi. Loyihada ko‘rgazma maydoni, ilmiy va tarixiy kolleksiyalarga ega kutubxona, ma’ruza zali va ilmiy markaz mavjud.
Usmon Xo‘ja o‘g‘li (Usmonxo‘ja Po‘latxodjayev) 1922 yilda vatani Buxoroni tark etishga majbur bo‘lgan. 1937 yilda ukasi Ataulla Xo‘ja o‘g‘li otib o‘ldirilganidan so‘ng ularning Buxorodagi uyi prokuratura va qolgan yarmi hibsxonaga aylantirilgan. Ushbu holat 1991 yil oxirigacha davom etgan.
[gallery-15059]
Bu uy 1992 yilda tadbirkorga sotilgan. “O‘zbekiston madaniy meros” agentligi tashabbusi bilan ushbu uyning hozirgi egasi bilan muzokaralar olib borildi. Nihoyat, shartnoma tuzilib mazkur bino milliylashtirildi. Endi bu joy Usmon Xo‘ja o‘g‘lining jadidchilik uy muzeyi, kutubxonasi va tadqiqot markazi sifatida tashkil etiladi.
– Bu orzuning, bu sog‘inchning amalga oshishi, ayniqsa, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, o‘z nomini tilga olishni istamagan ikki tadbirkorga, shaxsiy mulkini davlatga qayta sotishga rozi bo‘lgan samarqandlik tadbirkorga, bu masalani tilga olgan o‘zbekistonlik ziyolilar va jurnalistlarga alohida minnatdorlik bildiraman, – deydi taniqli turkshunos olim Temur Xo‘ja. – Bir asrlik orzu amalga oshdi.
Xalqaro ilmiy konferensiya ishtirokchilariga Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayevning 1860-1870 yillarda qurilgan uyi haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, mehmonlar Fayzulla Xo‘jayev uy-muzeyida ham bo‘lishdi. Ekspeditsiya doirasida Buxoroning tarixiy markaziga sayohat tashkil etiladi. Mehmonlar shaharning boy madaniy merosi bilan tanishi imkoniga ega bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, Toshkentda o‘tkazilgan “Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiyada AQSH, Germaniya, Niderlandiya, Ozarbayjon, Turkiya, Shvetsiya, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Yaponiya singari mamlakatlardan taniqli olimlar qatnashdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/DFVMoxOB22I" title="Bir asrlik orzu amalga oshdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (video, surat), O‘zA muxbirlari.