Biotibbiyot: insoniyat salomatligi va kelajak tibbiyotining yangi qirralari
Zamonaviy ilm-fan va texnika taraqqiyoti inson hayotini tubdan o‘zgartirib yuborayotgan bir davrda, tibbiyot va biologiya fanlarining o‘zaro uyg‘unlashuvidan dunyoga kelgan biotibbiyot sohasi hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Biotibbiyot biologiya, fiziologiya va bioximiya yutuqlarini amaliy sog‘liqni saqlashga tatbiq etgan holda, kasalliklarning kelib chiqish mexanizmlarini molekulyar va hujayra darajasida o‘rganishga ixtisoslashgan.
An’anaviy tibbiyotdan farqli o‘laroq, biotibbiyot nafaqat kasallikni davolashga, balki uning tub sabablarini bartaraf etish va oldini olishga qaratilgan. Bugungi kunda gen muhandisligi, hujayralar terapiyasi, nanotexnologiyalar va xususiy tibbiyotning rivojlanishi insoniyatning ilgari davosiz deb hisoblangan xastaliklarni yengishiga katta umid uyg‘otmoqda.
Bugungi kunda bu kabi ilg‘or yo‘nalishlar nafaqat nazariya, balki xalqaro miqyosdagi amaliy integratsiya jarayonlari bilan ham boyimoqda. Jumladan, Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov hamda Polshaning yetakchi klasterlaridan biri — "Klaster LifeScience Kraków" bosh direktori Kazimej Murjin o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur muloqotda "BioPharma City" va polshalik hamkorlar o‘rtasida klasterlararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, biotexnologiya hamda hayot fanlari sohasida tajriba almashish va ilmiy salohiyatdan samarali foydalanish masalalari keng muhokama qilindi. Shuningdek, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik (R&D) loyihalarini birgalikda amalga oshirish, olimlar va mutaxassislar o‘rtasida texnologiyalar transferini kengaytirish, Yevropa hamda Markaziy Osiyo bozorlari o‘rtasida yangi aloqalarni shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Shu bilan birga, biotibbiyotning jadal rivojlanishi faqatgina ilmiy va iqtisodiy yutuqlar bilan cheklanib qolmay, balki u bilan bog‘liq bioetika, inson huquqlari va xavfsizlik kabi muhim muhokamalarni ham kun tartibiga qo‘ymoqda. Genetik o‘zgartirishlar, sun’iy intellektning tibbiyotga kirib kelishi va shaxsiy ma’lumotlarning maxfiyligi kabi masalalar bugungi kun mutaxassislari oldida yangi mas’uliyatlarni yuklaydi. Shu bois, biotibbiyot nafaqat shifokorlar va bioximiyachilarning, balki butun jamiyatning e’tiborida turgan strategik soha hisoblanadi.
Mohigul Qosimova, O‘zA