Biogumus tayyorlashga mablag‘lar ajratilmoqda
Yilning istalgan vaqtida dasturxonimizni meva-sabzavotlarsiz tasavvur eta olmaymiz. Ushbu mahsulotlar esa o‘zidan-o‘zi pishib yetilmasligi, ularni yetishtirish, bozorlarga yil davomida uzluksiz yetkazib berish ham jiddiy bilim va tayyorgarlikni talab etadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining tuproq iqlimi dehqonlardan o‘ziga xos mashaqqat talab etishi, hech kimga sir emas. Biroq, har qarich yerdan unumli foydalanishga intiladigan tomorqachilar boshqa hududlarda bo‘lgani kabi To‘rtko‘l tumanida ham bisyor. «O‘zbekiston» mahallasida yashovchi Hamidjon Kenjayev 00,5 sotix tomorqada mahsulot yetishtirmoqda. Uning 00,1 sotixida issiqxona barpo etilgan. 00,2 sotixda esa piyoz, kartoshka, sabzi, baqlajon, bulg‘or qalampiri kabi oziq-ovqat mahsulotlari parvarishlanmoqda.
Bundan tashqari «Rizamat ota», «Toyfi», «Husayni», «Kelin barmoq» kabi uzum navlari voyish usulida ekilgan bo‘lib, o‘rik, olma, shaftoli, anor, nok, behi, unabi kabi mevali ko‘chatlar yetishtirish ham yo‘lga qo‘yilgan.
–«O‘zbekiston» mahallasida qariyb uch yarim ming xonadonning uch ming yuztasida issiqxona barpo etilgan, – deydi O‘zbekiston fermer, dehqon va tomorqa yer egalari kengashi bosh mutaxassisi Umirzoq Rahmatov.– Ushbu issiqxonalarda yetishtirilgan meva-sabzavot nihollari va oziq-ovqat mahsulotlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Buxoro viloyatlariga yetkazib berilmoqda.
Eng muhimi tomorqa egalari yerdan unumli foydalanish, yuqori hosil olishda narxi qimmatlashib borayotgan mineral o‘g‘itlarning o‘rniga ilg‘or innovatsiyalarni qo‘llashmoqda. Mo‘l hosil olish istagidagi tomorqachilar o‘z hududlarida biogumus ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishmoqchi. Shu sababli O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi qoshidagi jamg‘arma mablag‘lari hisobidan tashabbus bilan chiqqan tadbirkor Hamidjon Kenjayevga biogumus ishlab chiqarishini 150 kvadrat maydonda yanada kengaytirib, 4 ta ish o‘rin yaratishi uchun 300 million so‘m ajratiladigan bo‘ladi.
Qayd etish kerakki, ishlab chiqarilgan biogumus mahsuloti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yilning 23 noyabrida qabul qilingan qaroriga asosan «Yoshlar daftari», «Temir daftar», «Ayollar daftari» va ishsiz yoshlarga 10 yilgacha ajratilgan yangidan tashkil etilgan dehqon xo‘jaliklarining hosildorligini tabiiy o‘g‘itlar bilan oshirishda qo‘llaniladi.
O‘zA