Biochiqindilardan samarali foydalanish yo‘lida
Farg‘onada Koreya bilan hamkorlikda biochiqindilardan granula shaklidagi yonilg‘i pelletlari hamda bioenergiya ishlab chiqarish loyihalari amalga oshiriladi.
Furqat tumani hokimligi hamda “Korea Investment & Securities” (KIS) moliyaviy tashkiloti, Koreya energetika agentligi tarkibidagi “Korea Institute for Climate Change” (KICC) muassasasi va “Korea Western Power” (KWP) kompaniyasi o‘rtasida viloyatda biochiqindilardan yonilg‘i pelletlari hamda bioenergiya ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.

Kelishuvga ko‘ra, birinchi bosqichda 3 million dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobiga Furqat tumanida daraxt chiqindilari, g‘o‘zapoya, qurilish materiallariga yaroqsiz har xil turdagi daraxt va butalardan xom ashyo sifatida foydalangan holda granula shaklidagi yoqilg‘i pelletlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Ikkinchi bosqichda bioyonilg‘idan foydalangan holda bioenergiya ishlab chiqarish investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Joriy yil fevral oyidan buyon Furqat tumani hokimligi hamda Koreya tomoni bilan o‘tkazib kelingan samarali muzokaralar 14-15 iyun kunlari Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yolning O‘zbekistonga amaliy tashrifi va Toshkent shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston - Koreya biznes forumidan so‘ng amaliy bosqichga o‘tdi va aniq kelishuvga erishildi.
M.Sulaymonov,
O‘zA muxbiri