Binodagi kamchiliklar aniqlandi
Namangan viloyati qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan bunyodkorlik manzillarida shaharsozlik qonunchiligi va loyiha talablariga rioya etilishini ta’minlashga qaratilgan muntazam monitoring va nazorat tadbirlari olib borilmoqda.
Navbatdagi ana shunday reyd davomida Yangi Namangan tumanining Boborahim Mashrab mahallasi hududida barpo etilayotgan besh qavatli turar joy binosi ko‘zdan kechirildi.

Jarayonda bir qator kamchiliklar aniqlandi. Jumladan, ob’ektda ishchi-xodimlar maxsus kiyim va shaxsiy himoya vositalari bilan to‘liq ta’minlanmagan. Qolaversa, qurilish maydoni tez alangalanuvchi chiqindilardan o‘z vaqtida tozalanmagan.
Bundan tashqari, binoning eng yuqori beshinchi qavatida xonalarni ajratuvchi devorlarni qurish ishlarida loyiha talablariga zid ravishda qayta ishlangan avtoklav gazobloklardan foydalanilgani aniqlandi.

Mavjud qoidabuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha pudratchi tashkilot va mualliflik nazorati mas’ullariga yozma ko‘rsatmalar berildi. Buning natijasida, ajratuvchi devorlar buzdirildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.