Bilyardchilarimiz Xitoy turnirida qatnashmoqda
Shu kunlarda O‘zbekiston bilyard federatsiyasi jamoasi Xitoyda ushbu sport turi bo‘yicha o‘tkazilayotgan tadbirlarda ishtirok etmoqda.
Kecha Yuyshan shahrida Osiyo sport tarixida o‘ziga xos yangilik bo‘lgan «Billiard» muzeyining ochilish marosimi o‘tkazilib, unda 54 ta davlat vakillari qatori hamyurtlarimiz ham ishtirok etdi.
– Yurtimizda ommaviy sportni rivojlantirishga alohida e’tibor berilishi natijasida boshqa sport turlari singari bilyard ham keng ommalashmoqda. Xitoyda o‘tayotgan xalqaro bilyard tadbirlariga rasman taklif etilganligimiz katta voqea bo‘ldi. Bu, jahon bilyard sport turida O‘zbekiston nomi ham o‘z o‘rniga ega bo‘lib borayotganligidan dalolat, – deydi O‘zbekiston bilyard federatsiyasi raisi O‘tkir Komilov.

Xitoyda o‘tkazilgan tadbir davomida bilyard bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Safoyiddin Sadirov va Javohir Usmonov yetti karra jahon chempioni Ronni Sallivan, jahon chempionlari Selbi Robertson, Allen, Merfi, Kayren, Vafayi, Din Djin X-u va boshqalar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot davomida dunyodagi eng qimmat sport turlaridan biri sanaladigan bilyardning turli yo‘nalishlarini mamlakatimizda rivojlantirish borasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Bugundan e’tiboran Xitoyning Yuyshan shahrida bilyard bo‘yicha «Masters» musobaqalari boshlanadi. Shiddatli bahslar davomida hamyurtlarimizning jahonning eng nomdor bilyardchilari bilan bellashuvlari bo‘lib o‘tadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA